Namangan – dunyo gullar poytaxtiga aylanmoqda

Iyun 08, 2026. 08:10 • 6 daq

297
Namangan – dunyo gullar poytaxtiga aylanmoqda
Namangan – dunyo gullar poytaxtiga aylanmoqda
Namangan – dunyo gullar poytaxtiga aylanmoqda
Namangan – dunyo gullar poytaxtiga aylanmoqda
Namangan – dunyo gullar poytaxtiga aylanmoqda
Namangan – dunyo gullar poytaxtiga aylanmoqda
Namangan – dunyo gullar poytaxtiga aylanmoqda
Namangan – dunyo gullar poytaxtiga aylanmoqda
Namangan – dunyo gullar poytaxtiga aylanmoqda
Namangan – dunyo gullar poytaxtiga aylanmoqda

NAMANGAN, 8-iyun. /“Dunyo” AA/. Namanganda bo‘lib o‘tayotgan 65-xalqaro gullar festivali san’at, tabiat va inson qalbini yagona go‘zallik atrofida jamuljam etibgina qolmasdan, turli millat vakillarini o‘zaro ahillik va birdamlikka chorlamoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu xalqaro gullar bayramida MDH mamlakatlari hamda Yevropa va Osiyoning ellikka yaqin davlatlaridan kelgan sayyohlar, o‘nlab xorijiy davlatlarning diplomatik korpus vakillari, chet el kompaniyalari investorlari, nufuzli mehmonlar, madaniyat va san’at namoyondalari hamda yurtimiz ahli ishtirok etmoqda.

E’tiborlisi, bu galgi yubiley festivalda Namangan viloyati dunyo miqyosida olamshumul natijani qayd etib, “Jamoa bo‘lib bir oy davomida eng ko‘p gul ekish” nominatsiyasi bo‘yicha “Guinness World Records” tashkiloti tomonidan rasman jahon rekordi sifatida e’tirof etildi hamda Ginnesning rekordlar kitobidan joy oldi.

Ginnesning rekordlar kitobi rasmiy vakili va hakami Sheyda Subashi ham ushbu rekordni rasman tasdiqlab, bu ulkan natija yuqori darajadagi hamjihatlik va umumiy maqsad yo‘lida birlashgan sa’y-harakatlar samarasi ekanini ta’kidladi. U Namanganga tashrif buyurib, hudud haqiqatdan ham go‘zallik va nafosat maskaniga aylanganini e’tirof qildi.

Darhaqiqat, bu yilgi xalqaro gullar festivali har safargidan o‘zgacha va yuqori saviyada tashkil etilmoqda. Bularning bari mehnatkash Namangan ahlining hamjihatlikda amalga oshirgan sa’y-harakatlari samarasidir. “Jamoa bo‘lib bir oy davomida eng ko‘p gul ekish” nominatsiyasi bo‘yicha Ginnes jahon rekordlari tashkiloti tomonidan belgilangan minimal talab – bir million dona gul ko‘chati ekish edi. Namangan viloyati aholisi esa bir oy davomida tanlab olingan bir hududning o‘zida jami 29 million 400 mingdan ortiq gul ekishga muvaffaq bo‘ldi.

1961-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Namangan gullar festivali bugun nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyodagi eng yirik va nufuzli sayyohlik hamda madaniy tadbirlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

Yubiley bayram tantanalarida gullar avtoparadi ko‘pchilikda katta taassurot qoldirmoqda. Yurtimiz bayrog‘i bilan bezatilgan turli avtomobillar, yuk mashinalari, kombayn, traktor, hatto avtokrangacha bo‘lgan, turfa gullar bilan bezatilgan 300 dan ziyod transport vositalari karvoni festival mehmonlariga shodlik ulashmoqda.

24-maydan 12-iyulga qadar davom etadigan ushbu festival nafaqat gullar ko‘rgazmasi, balki madaniy, sport, ilmiy va ko‘ngilochar tadbirlarga boyligi bilan mehmonlarda o‘zgacha qiziqish uyg‘otmoqda.

“Fashion Days” xalqaro moda namoyishlari, gala-konsertlar, avtoparad, ochiq osmon ostidagi simfonik konsert, turli ko‘rgazmalar, turizm, investitsiya va ishbilarmonlikka bag‘ishlangan xalqaro forumlar tashkil etilmoqda. O‘zbekiston xalq artistlari, jumladan, Yulduz Usmonova, Jenisbek Piyazovning katta konsert dasturlari festival ishtirokchilarida yorqin lahzalarni tuhfa etdi. Shu bilan birga, dunyoga mashhur xonanda va kompozitor Elbrus Djanmirzoyevning ham festivalga tashrifi rejalashtirilgan.

Kattalar va bolalar uchun spektakllar, sirk tomoshalari, simfonik orkestr konserti, retro qo‘shiqlar, askiya va kulgu kechalari, “Dunyo taomlari Namanganda” gastronomik festivali, “Lavanda sayli” va zamonaviy “Dron-shou”lar tomoshabinlarga unutilmas taassurot bag‘ishlamoqda.

Sport muxlislari uchun ham qiziqarli musobaqalar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Belbog‘li kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionati, sohil kurashi, motokross musobaqalari, xalqaro kurash turniri va etnosport o‘yinlari muxlislarga unutilmas damlarni tuhfa etishi shubhasiz.

Shuningdek, yirik xalqaro tadbirlar – Osiyo ishbilarmon ayollari xalqaro forumi, Namangan turizm salohiyati inflyuyenserlar nigohida xalqaro forumi, “Axsikent tarixi: yangicha qarash, tahlil va tadqiqotlar” mavzuida xalqaro anjuman, “Namangan III xalqaro hunarmandchilik ko‘rgazmasi, Kinokarvon” loyihasi, Hindiston madaniyat kunlari yurtimiz ahli va mehmonlariga yorqin lahzalar tuhfa etmoqda.

Festival doirasida ilmiy va amaliy anjumanlar, bioxilma-xillikni saqlash, sun’iy intellekt istiqbollari, turizm va iqtisodiyotga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar tashkil etilmoqda. Bu festivalning nafaqat madaniy, balki ilmiy ahamiyati ham yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Jumladan, Namangan viloyati hokimligida Turkiya, Qirg‘iziston, Tojikiston, Eron kabi davlatlarning madaniyat va adabiyot namoyandalari, diplomatik korpus vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan qator uchrashuvlarda ikki tomonlama muhim masalalar muhokama qilindi.

65-xalqaro gul bayrami, eng avvalo, mahallalardan boshlangani bilan avvalgilaridan farq qilmoqda. Ya’ni, bu yil viloyatdagi mavjud 754 ta mahallaning barchasi festival ishtirokchisiga aylandi. Har bir xonadon, har bir ko‘cha va mahalla gulzorlarga burkandi. Ular o‘rtasida “Eng gulzor, eng obod mahalla” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilmoqda. Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, festival yakunida g‘oliblar munosib taqdirlanadi.

Gullar festivallari –bu oddiy ko‘rgazma yoki sayr emas. Ular insonning tabiatga bo‘lgan muhabbati, madaniyati va go‘zallikka intilishini namoyon etadigan noyob tadbirdir. Dunyoda shunday festivallar borki, ular nafaqat millionlab sayyohlarni jalb qiladi, balki butun mamlakatning ramziga ham aylangan.

Xususan, Niderlandiyadagi mashhur “Keukenhof Tulip Festival” (Keukenhof lolalar festivali) dunyodagi eng mashhur festivallardan biri hisoblanadi. Bu yerda har yili millionlab lolalari ekilib, rang-barang gullar haqiqiy san’at asaridek joylashtiriladi.

Yaponiyadagi “Hanami Cherry Blossom” (Hanami sakura gullari) festivali sakura gullarini tomosha qilish an’anasi bilan mashhur. AQShda o‘tadigan “Rose Parade” (Atirgullar paradi) festivalida mashinalar millionlab atirgul barglari bilan bezatiladi.

Kolumbiyadagi “Medellín Flower Festival” (Medellin gullar festivali) xalq an’analari bilan ajralib turadi. Bu yerda insonlar yelkalarida ulkan gul kompozitsiyalarini ko‘tarib yurishadi. Buyuk Britaniyadagi “Chelsea Flower Show” (Chelsi gullar ko‘rgazmasi) esa landshaft dizayni bo‘yicha dunyodagi eng nufuzli festivallardan biri hisoblanadi.

Ahamiyatlisi, yuqorida nomlari keltirilgan xalqaro nufuzli festivallar tashkilotchilari va ishtirokchilari Namanganda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro gullar festivalida ishtirok etib, jarayonlarni muntazam ravishda kuzatmoqda. Ular: “Endi dunyoning qaysi hududida gulzorni ko‘rsak, Namangan ham yodimizga tushadi”, deya festival haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda.

65-Xalqaro gullar festivali haqidagi mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalarida ko‘plab maqolalar e’lon qilish hamda yurtimizni jahonda keng targ‘ib etish maqsadida jurnalistlar uchun turli press-tur va matbuot anjumanlari ham tashkil etilmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi “Dunyo” axborot agentligi tomonidan ushbu gullar bayramini xalqaro miqyosda keng yoritish va targ‘ib qilish maqsadida mamlakatimizda doimiy akkreditatsiyadan o‘tgan yetakchi xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus press-tur tashkil etildi. Mazkur press-turda Turkiyaning “TRT Avaz”, Ozarbayjonning “Xalq Gazeti”, Xitoyning “Xinhua News Agency”, Rossiyaning “Regnum”, Qirg‘izistonning “Alliance Press” kabi xorijiy OAV vakillari ishtirok etdi.

Bundan tashqari, Tashqi ishlar vazirligi orqali O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalari va konsullik vakolatxonalari bilan doimiy muloqot o‘rnatilib, xalqaro turizm yarmarka va ko‘rgazmalari hamda Yevropa va Osiyo mamlakatlarida Xalqaro gullar festivali haqida “Road show” namoyishlari o‘tkazilmoqda. “BBC Uzbek”, “Euronews”, “Anadolu”, “Kazinform”, “Kabar”, “Ria Novosti”, “Sinxua”, “Fars news” kabi ko‘plab yetakchi xorijiy ommaviy axborot vositalarida ushbu tadbir muntazam yoritilib kelinmoqda.

Namanganda xalqaro gullar festivali uchun minglab yoki millionlab emas, balki yuz millionlab gul ko‘chatlari ekiladi. Jumladan, 2025-yilda festivalga tayyorgarlik jarayonida viloyat bo‘yicha jami 100 million tup gul ko‘chati ekilgan bo‘lsa, joriy yilda bu miqdor 150 million tupga yetkazildi. Raqamlardan anglash mumkinki, O‘zbekistonning gullar poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro gullar festivali yorqin lahzalar va unutilmas taassurotlarga boy o‘tmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish