“Dunyo” AA va Global jurnalistlar kengashi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Iyun 08, 2026. 12:55 • 3 daq

230
“Dunyo” AA va Global jurnalistlar kengashi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
“Dunyo” AA va Global jurnalistlar kengashi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
“Dunyo” AA va Global jurnalistlar kengashi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

TOSHKЕNT, 8-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston–Turkiya media muloqoti doirasida Global jurnalistlar kengashi delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashkilot prezidenti Mehmet Ali Dim boshchiligidagi 40 nafardan ortiq jurnalist, media ekspert va soha vakillaridan iborat delegatsiya qator rasmiy uchrashuv va tadbirlarda ishtirok etdi.

Tashrif dasturi doirasida rasmiy muzokaralar, media anjumanlar, ta’limiy uchrashuvlar hamda O‘zbekistonning tarixiy va madaniy merosi bilan tanishtiruvchi safarlar amalga oshirildi.

Muzokaralar doirasida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining “Dunyo” axborot agentligi hamda Global jurnalistlar kengashi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolandi. 

Mazkur hujjat tomonlar o‘rtasida media sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, axborot almashinuvini kengaytirish hamda qo‘shma media loyihalarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Tashrifning asosiy tadbirlaridan biri O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida o‘tkazildi. Turkiya, Ozarbayjon, Shimoliy Makedoniya hamda Yevropaning bir qator davlatlaridan kelgan jurnalistlar universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashib, zamonaviy jurnalistika rivojiga oid dolzarb masalalarni muhokama qildi.

Uchrashuvlar davomida raqamli transformatsiya sharoitida jurnalistikaning rivojlanishi, axborot xavfsizligi, media ta’limi, yosh avlodning axborot iste’moli madaniyati hamda xalqaro jurnalistik hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja ushbu kabi xalqaro muloqotlar talabalar uchun muhim amaliy tajriba bo‘lishini ta’kidlab, jurnalistika sohasida yuz berayotgan tub o‘zgarishlar, yangi texnologiyalar va innovatsion yondashuvlarning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi.

Shuningdek, Toshkent shahrida “Turkiy dunyoda media va ta’lim” mavzusida xalqaro panel muhokamasi tashkil etildi. Unda raqamli media transformatsiyasi, sun’iy intellekt va jurnalistika, Z, Alpha va Beta avlodlarining axborot iste’moli, diaspora jurnalistikasi, turkiy dunyo axborot makonidagi hamkorlik hamda jurnalistika ta’limining zamonaviy tendensiyalari kabi dolzarb yo‘nalishlar muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari bugungi global axborot makonida jurnalistika nafaqat axborot yetkazish, balki xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va anglashuvni mustahkamlovchi muhim vosita ekanini qayd etdi.

Ekspertlar ta’kidlashicha, mazkur tashrif O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ochiqlik siyosati, media sohasini modernizatsiya qilish hamda jurnalistika ta’limini takomillashtirish bo‘yicha islohotlarga bo‘lgan xalqaro qiziqish ortib borayotganini yana bir bor tasdiqladi.

Ushbu media muloqot turli mamlakatlar jurnalistik hamjamiyatlari o‘rtasidagi kasbiy aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish hamda kelgusidagi qo‘shma media tashabbuslar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish