Germaniyaning yangi saylangan hukumati O'zbekiston bilan hamkorlikni chuqurlashtirish bo'yicha qadamlarni davom ettiradi
May 07, 2025. 17:50 • 3 daq
• 112
TOSHKENT, 7-may. /"Dunyo"AA/. Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasida Germaniya kansleri saylovi yakunlariga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" muxbiri.

Tadbirda Germaniya elchisi Manfred Xuterer ishtirok etib, mamlakatning yangi saylangan hukumatining siyosiy va iqtisodiy rejalari haqida ma'lumot berdi.
Bu haftaning asosiy voqealaridan biri Xristian-demokratik ittifoq va Bavariya Xristian-sotsial ittifoq konservativ bloki (XDI/XSI) yetakchisi Fridrix Mersning Germaniya kansleri etib saylangani bo'ldi. U 2021-yil dekabridan buyon bu lavozimda ishlab kelayotgan Olaf Sholsning o'rnini egalladi. Konfrensiya davomida yangi kansler tashqi siyosatni faol rivojlantirishni rejalashtirayotgani, keyingi qadamlari sifatida esa Parij va Varshavaga tashrif buyurishini bildirdi. Qayd etilishicha, bu Germaniyaning faol xalqaro diplomatik faoliyatni davom ettirishini tasdiqlaydi.
Elchining aytishicha, XDI/XSI Germaniya sotsial-demokratik partiyasi bilan hamkorlikda iqtisodiyot, infratuzilma va migratsiya siyosatini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat beruvchi yangi koalitsiya bitimini imzolagan. Xususan, infratuzilmaga investitsiya kiritishga katta e'tibor qaratiladi. Yaqinda Bundestag butun Germaniya va xorijda infratuzilma loyihalarini rivojlantirish uchun 500 milliard yevrolik maxsus jamg'arma tashkil qilishni ma'qulladi.
Matbuot anjumanining asosiy mavzusi Germaniya va Markaziy Osiyo, xususan, O'zbekiston bilan hamkorlikning istiqboldagi yo'nalishlarini muhokama qilish bo'ldi. Elchi Manfred Xuterer Germaniya O'zbekiston bilan iqtisodiyot, migratsiya, madaniyat, ta'lim sohalarida hamkorlikni mustahkamlashda davom etishini alohida urg'uladi. Diplomat, shuningdek, Germaniya bundan buyon ham Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni qo'llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
So'nggi yillarda Germaniya va O'zbekiston o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki barobar ortib, 1 milliard yevroga yetdi. Shu nuqtai nazardan, Germaniya O'zbekiston bilan iqtisodiy aloqalar o'sishini qo'llab-quvvatlashda davom etish niyatida.
Matbuot anjumanida Germaniya va O'zbekiston o'rtasidagi migratsiya sohasidagi hamkorlik masalasiga asosiy e'tibor qaratildi. Qayd etilishicha, o'tgan yili migratsiya va mobillik sohasida keng qamrovli sheriklik to'g'risidagi hukumatlararo bitim imzolangan bo'lib, u malakali o'zbekistonlik mutaxassislarning Germaniyaga migratsiyasini osonlashtirishga qaratilgan. Elchi Germaniya sog'liqni saqlash va logistika kabi sohalarga yuqori malakali mutaxassislarni jalb etishdan manfaatdor ekanini va mazkur jabhalarda kadrlar yetishmovchiligi kuzatilayotganini aytib o'tdi.
Bundan tashqari, O'zbekistonda nemis tiliga qiziqish ortib borayotgani, xususan 300 mingdan ortiq kishi nemis tilini o'rganayotgani Markaziy Osiyo uchun ajoyib ko'rsatkich ekanligi ta'kidlandi. Germaniya "PASCH" maktablari va Gyote instituti orqali nemis tilini rivojlantirish va o'qituvchilarning malakasini oshirishga qaratilgan loyihalarni qo'llab-quvvatlashda davom etadi.
Elchi, shuningdek, xavfsizlik, logistika almashinuvi va tibbiyot sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash muhimligini, bu nafaqat iqtisodiy taraqqiyotga, balki ikki mamlakat fuqarolarining hayot sifatini yaxshilashga ham hissa qo'shayotganini ta'kidladi.
Matbuot anjumani yakunida elchi Germaniya va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlar o'zaro hurmat va sheriklik tamoyillari asosida rivojlanib borayotganini yana bir karra qayd etdi. "Siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy sohalardagi hamkorlik bundan keyin ham chuqurlashadi, Germaniya O'zekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni faol qo'llab-quvvatlaydi", dedi u.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Jenevadagi Millatlar saroyida O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni o‘tkazildi
Jenevada “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobining taqdimoti bo‘ldi
“Saodat” jurnalining bir asrlik yubiley bayrami nishonlandi