Logo

Osiyo kubogini qo'lga kiritgan O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi Toshkent ostonasida katta tantana bilan kutib olindi

Aprel 22, 2025. 10:13 • 2 daq

42
Osiyo kubogini qo'lga kiritgan O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi Toshkent ostonasida katta tantana bilan kutib olindi

TOSHKENT, 22-aprel. /"Dunyo" AA/. Kecha tunda Saudiya Arabistonida bo'lib o'tgan futbol bo'yicha U-17 yosh toifasidagi Osiyo kuboda bosh sovrinni qo'lga kiritgan O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi Toshkentga qaytib keldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Toshkent xalqaro aeroportida yurtimizning yosh qahramonlarini O'zbekiston hukumati rahbariyati, sportimiz mutasaddilari, futbolchilarning ota-onalari, OAV vakillari va keng jamoatchilik katta tantana bilan kutib oldi.

Bayramona o'tgan tantanali tadbirda O'zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov davlatimiz rahbarining futbolchilarimizga yo'llagan tabrigini o'qib eshittirdi. Shundan so'ng Prezidentimizning tegishli farmoni bilan sportchilar va ularning murabbiyi, futbol targ'iboti yo'lida fidoyilik ko'rsatib kelayotgan sport sharhlovchilari davlatimizning yuksak mukofotlari – "O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan sport ustozi" faxriy unvoni, "Kelajak bunyodkori" va "Shuhrat" medallari bilan taqdirlanganini e'lon qildi.

Futbolchilarga Prezident sovg'asi – yengil avtomobillar kalitlari va davlat mukofotlari tantanali topshirildi.

Ta'kidlash joizki, O'zbekiston terma jamoasi bu galgi Osiyo kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Buni yigitlarimiz butun turnir davomida ko'rsatgan yorqin va g'alabali o'yinlar tasdiqlaydi.

Musobaqaning guruh bellashuvlarida Islom Ismoilov shogirdlari yuz foizlik natija qayd etdi. Futbolchilarimiz Tailandni 4:1, Xitoyni 2:1, Saudiya Arabistonini 3:0 hisobida mag'lubiyatga uchratib Osiyo kubogining keyini bosqichiga va noyabr oyida bo'ladigan jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritdi.

Osiyo kubogining chorak finalida hamyurtlarimiz Birlashgan Arab Amirliklaridan 3:1 va Shimoliy Koreya 3:0 hisobida ustun kelib hal qiluvchi final bahsiga chiqdi.

Hal qiluvchi bellashuvda terma jamoamizga mezbonlar – Saudiya Arabistoni terma jamoasi ikkinchi marotaba ro'baro' keldi. Final mamlakatimiz terma jamoasining munosib natijaga erishgani, ikki futbolchi kam bo'lgan holda raqibini finalda dog'da qoldirgani o'zbek futboli yuksalishning yangi bosqichiga chiqayotganini yana bir karra namoyish etdi. Saudiyaliklar o'z muxlislari ko'z o'ngida bosh sovrinni o'zlarida olib qolishga harakat qildi. Islom Ismoilov shogirdlari ikki o'yinchi kam bo'lib harakat qilganiga qaramay, bellashuvning ikkinchi qismida saudiyaliklarni har jabhada dog'da qoldirdi. 51-daqiqada Muhammad Hakimov penaltini aniq amalga oshirgan bo'lsa, 70-daqiqada yarim himoyachi Sadriddin Hasanov raqib futbolchilarini dog'da qoldirdi va ikkinchi golni saudiyaliklar darvozasiga kiritdi. Yakuniy hisob 2:0 O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi Osiyo chempioni.

Saudiya Arabistoni yashil maydonlarida bo'lib o'tgan futbol bo'yicha Osiyo kubogida matonat ko'rsatgan yosh yigitlarimizning mehnatini har qancha e'tirof etsak arziydi. Ularni endi Qatarda bo'lib o'tadigan Jahon chempionati kutib turibdi. Yangi O'zbekistonning oltin avlodi bo'lgan bu futbolchilardan mundialda ham yuqori natijalarni kutib qolamiz.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish