Logo

Toshkentda "BMT-ayollar" tuzilmasining ofisi ochildi

May 27, 2025. 16:26 • 3 daq

186
Toshkentda "BMT-ayollar" tuzilmasining ofisi ochildi

TOSHKENT, 27-may. /"Dunyo" AA/. Bugun Toshkent shahrida "BMT- ayollar" tashkilotining O'zbekistondagi rasmiy ofisining ochilish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur tadbir O'zbekiston parlamenti va hukumatining yuqori martabali vakillari, BMT agentliklari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor vakillarini bir joyga jamladi.

BMT Bosh kotibining o'rinbosari va "BMT-ayollar" tuzilmasi ijrochi direktori Sima Baxusning 2024-yil may oyida O'zbekistonga tashrifi chog'ida Toshkentda "BMT-ayollar" tashkiloti ofisini ochish bo'yicha oliy darajadagi kelishuvga erishilgan edi.

Ofisning ochilishi "BMT-ayollar" tashkiloti va O'zbekiston hukumati o'rtasidagi davomli hamkorlikdagi muhim bosqich hisoblanadi. Bu O'zbekistonning gender tengligi va ayollar huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish milliy rivojlanishining ustuvor yo'nalishi sifatida tan olinganini namoyon etadi. Mamlakatda doimiy ofisning tashkil etilishi "BMT-ayollar" tashkilotiga o'z hamkorlari va milliy institutlarga ko'magini yana-da kuchaytirish, gender sezgir siyosatlarni ilgari surish hamda barcha sohalarda ayollar huquqlarining to'liq amaliyotiga hissa qo'shish imkonini beradi.

"O'zbekistonda "BMT-ayollar" tashkiloti ofisining ochilishi mamlakatimizda gender tengligi va ayollar huquqlarini ilgari surish borasidagi ijobiy yutuqlarning xalqaro darajada e'tirof etilayotganini, shuningdek, BMTning yana-da inklyuziv va teng jamiyatni barpo etish borasidagi qat'iy sadoqatining yaqqol ramzi sifatida baholaymiz. Albatta, ushbu ofisning mamlakatimizdagi faoliyati ikki tomonlama munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqishda hamda konstruktiv hamkorligimizni izchil rivojlantirishda muhim rol o'ynaydi", – dedi O'zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva.

Rasmiy ochilish marosimi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va "BMT-ayollar" tuzilmasi hamda O'zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida muvofiqlashtirilayotgan gender sezgir byudjetlashtirish loyihasining ishga tushirilishidan so'ng bo'lib o'tdi. Ushbu loyiha yangi ofis tomonidan amalga oshiriladigan birinchi tashabbus bo'lib, "BMT-ayollar" tashkiloti O'zbekistonda olib boradigan institutsional va samarali faoliyatining amaliy namunasidir.

"Ushbu ofis faqatgina ishtirok belgisigina emas, balki maqsad, hamkorlik va taraqqiyot ramziga aylansin. U orzu qilishga jur'at etgan har bir ayol va qiz, hamda ularning yo'lida birga qadam tashlayotgan har bir ittifoqchi uchun mayoq bo'lsin. Chunki tenglik sari safar mazkur yangi ofis bilan yakunlanmaydi – balki yana-da chuqurroq saboqda, katta umid va to'xtovsiz harakat bilan yangidan boshlanadi" – dedi "BMT-ayollar" tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy ofisi direktori o'rinbosari Eliza Fernandez Sayenz.

U, shuningdek, "BMT-ayollar" tashkiloti nomidan ushbu tarixiy lahzaning ro'yobga chiqishiga sabab bo'lgan qat'iyatlari uchun hukumat vakillariga samimiy tabriklarini bildirdi hamda O'zbekiston Hukumatining gender tengligini ilgari surish yo'lida qabul qilingan qariyb 40 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlarini o'z ichiga olgan keng qamrovli islohot dasturini yuqori baholadi.

"BMT-ayollar" tashkilotining O'zbekistondagi yangi ofisining ochilishi mamlakatning inson taraqqiyoti va gender tengligiga bo'lgan kuchli sadoqatini yana bir bor tasdiqlaydi. BMTning yurtingizdagi doimiy koordinatori sifatida men ushbu hamkorlik bizning umumiy sa'y-harakatlarimizni yana-da kuchaytirishiga, O'zbekistondagi har bir ayol va qizning o'z salohiyatini to'liq ro'yobga chiqarishiga yordam berishiga ishonaman," – dedi BMTning O'zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl.

"BMT-ayollar" tashkilotining O'zbekistondagi ofisi ochilishi ushbu xalqaro tashkilot hayotidagi muhim tarixiy davr bilan ham bir vaqtda sodir bo'lmoqda. Chunki 2025-yilda "BMT-ayollar" tashkiloti o'zining 15 yilligini, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30 yilligini hamda BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasining 25 yilligini nishonlamoqda.

2010-yilda tashkil etilganidan beri "BMT-ayollar" tashkiloti butun dunyo bo'ylab gender tengligi va ayollar hamda qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish yo'lida yetakchi rolni o'ynab kelmoqda. Hukumatlar, fuqarolik jamiyati va boshqa hamkorlarni qo'llab-quvvatlagan holda "BMT-ayollar" tuzilmasi ayollar huquqlari, yetakchiligi, zo'ravonlikdan erkin yashashi va adolatga erishishga xizmat qiluvchi dasturlar, siyosatlar va qonunlarning ishlab chiqilishiga hissa qo'shib kelmoqda.

O'zbekistonda yangi ofisining ochilishi ushbu merosning mantiqiy davomidir va "BMT-ayollar" tashkilotining hech bir ayol yoki qiz e'tibordan chetda qolmasligi borasidagi qat'iy sadoqatini yana bir bor mustahkamlaydi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish