Termizda Markaziy va Janubiy Osiyoning o'zaro bog'liqligi bo'yicha xalqaro muloqot boshlandi
May 20, 2025. 10:27 • 2 daq
• 141
TERMIZ, 20-may ./"Dunyo" AA/. Bugun Termiz shahrida "Tinchlik, do'stlik va farovonlik umumiy makonini barpo etish" mavzusidagi Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro bog'liqlik bo'yicha Termiz muloqotining birinchi yig'ilishi boshlandi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI), Tashqi ishlar vazirligi va Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etildi.
Xalqaro forum Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika va Yaqin Sharqdan ishtirokchilarni birlashtirdi. Ishtirokchilar orasida siyosiy, iqtisodiy va ishbilarmon doiralar, moliya institutlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, shuningdek, dunyoning turli mamlakatlaridagi tahliliy va tadqiqot markazlarining yetakchi ekspertlari bor.
Tadbirni SMTI direktori Eldor Aripov va Surxondaryo viloyati hokimi Ulug'bek Qosimov kirish so'zi bilan ochib berdi.
Anjumanning birinchi sessiyasiga O'zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Baxromjon A'loyev moderatorlik qilmoqda.
Forumda BMTning Afg'onistonga yordam ko'rsatish missiyasi rahbari Roza Otunbayeva, Afg'oniston tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Muhammad Naim Vardak, Qozog'iston tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Yermuhambet Konuspayev, Qirg'iziston tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Temirbek Erkinov, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Axmet Gurbanov, Tojikiston Tashqi ishlar vazirligining Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Xisrav Sohibzoda, MDH Bosh kotibi o'rinbosari Denis Trefilov, Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi o'rinbosari Pyao Yanfan, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo'yicha kengash bosh kotibi o'rinbosari Farid Damirli, BMTning Markaziy Osiyo mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze, BMTning O'zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Sabina Mahl, BMTning Qochqinlar bo'yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakili Dumitru Lipkanu, BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy koordinatori Akiko Fudzii, Xalqaro migratsiya tashkilotining O'zbekistondagi missiyasi rahbari Endryu Grey ishtirok etyapti.
Muloqotdan ko'zlangan asosiy maqsad O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2022 yilda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining "Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash" maxsus rezolyutsiyasini amaliy targ'ib qilish uchun ko'p tomonlama muhokama platformasini shakllantirishdan iborat.
Forum ishtirokchilari Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi mintaqalararo hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilmoqda. Xavfsizlik, barqarorlik va barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, iqtisodiy o'sishni ta'minlashda xususiy sektor va moliya institutlarining rolini kengaytirishga e'tibor qaratilyapti.
Anjuman yakunlari bo'yicha ikki mintaqa o'rtasida ishonch va o'zaro hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha birgalikdagi sa'y-harakatlarga da'vat etuvchi Kommyunike qabul qilinishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Jenevadagi Millatlar saroyida O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni o‘tkazildi
Jenevada “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobining taqdimoti bo‘ldi
“Saodat” jurnalining bir asrlik yubiley bayrami nishonlandi