Logo

YUNISEF O'zbekistonning bolalarni zo'ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish masalalarida oldinga siljishga bo'lgan sodiqligi va qat'iyatidan ilhomlanmoqda

Aprel 29, 2025. 16:01 • 3 daq

706
YUNISEF O'zbekistonning bolalarni zo'ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish masalalarida oldinga siljishga bo'lgan sodiqligi va qat'iyatidan ilhomlanmoqda

TOSHKENT, 30-aprel. /"Dunyo" AA/. Toshkentda "Bolalarni zo'ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi qonuni mazmun-mohiyatiga bag'ishlangan seminar-trening bo'lib o'tyapti, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va YUNISEF bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan OAV vakillari qatnashmoqda.

Seminarda yangi qonunning mazmun-mohiyati, uni ijro etish mexanizmlari, qonunning ahamiyatini ommaga yetkazishda OAVning roli, shuningdek, bolalarga nisbatan zo'ravonlikka qarshi kurash bo'yicha xalqaro tajriba muhokama qilinyapti.

Rehina Mariya Kastijio, YUNISEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari:

– Biz ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik fikrini shakllantirishdagi muhim o'rnini tushunamiz, shuning uchun ushbu platformani ishga tushirdik. Mazkur qonunning qabul qilinishi dolzarb ahamiyat kasb etdi, uni muvaffaqiyatli tatbiq etish esa ko'proq narsani talab qiladi.

Jamiyat qanday yangiliklarni eshitishini aynan siz – jurnalistlar belgilaysiz. Sizning hissangiz har bir mintaqada qonunni tushunish va qo'llab-quvvatlashni shakllantirish uchun juda muhimdir.

Qonun bolalarni zo'ravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan, jismoniy, ruhiy, jinsiy va e'tiborsizlik oqibatlaridan himoya qilishni nazarda tutadi. Unda profilaktika, erta aralashuv va jabrlangan bolalarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilgan. Mazkur qonunni keyinchalik qo'llashda tarmoqlararo hamkorlik, mutaxassislarni tayyorlash va zo'ravonlik holatlari haqida xabar berish mexanizmlarini rivojlantirish muhim rol o'ynaydi.

Sitsi Singizi, YUNISEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi boshlig'i, seminar koordinatori:

– Mazkur masalalarni jamoatchilik o'rtasida muhokama qilmasdan turib, o'zgarishlar qilib bo'lmaydi. Bu boradagi eng yaqin hamkorlarimiz esa, shubhasiz, ommaviy axborot vositalaridir. Bu yerda o'tirgan jurnalistlar haqiqiy professionallar, ular o'z ishini juda yaxshi bilishadi. Bizning maqsadimiz – ularga yangi qonunni taqdim etish va uning asosiy qoidalari bilan tanishtirish.

Seminar davomida jurnalistlar menga bir qator muhim savollarni berishdi. Ulardan biri, Qanday qilib bolalar bilan bog'liq voqealarni kuchli va ta'sirli, ammo ularga zarar yetkazmaydigan tarzda yoritish mumkin?, degan mazmunda bo'ldi. Ya'ni ular bunday mavzularni yoritishning axloqiy tomonini allaqachon tushunib yetishgan, chunki bu juda nozik masala. Mazkur vaziyatda bunday nozik voqealarni aynan O'zbekistonda qanday yoritish kerakligi alohida bir mavzudir.

Ushbu bosqichda OAVning ishtiroki biz uchun juda muhim, chunki biz jamiyat noto'g'ri talqin qilishi mumkin bo'lgan tushunchalarni ko'p qo'llaymiz.

Shubhasiz, barcha ota-onalar bola tarbiyasida erkinlikka ega bo'lishni xohlaydi, lekin bola tarbiyasidagi ba'zi usullarni qayta ko'rib chiqish ham ziyon qilmaydi. Biz "quloq solmagani uchun bolasini yengil jazoladi" kabi mayda-chuyda narsalar haqida gapirmayapmiz. Bolalarni jinsiy zo'ravonlik, ekspluatatsiya, odam savdosi kabi jiddiy jinoyatlardan himoya qilish haqida so'z yurityapmiz.

Men jurnalistlarga "Bolalarni zo'ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to'g'risida"gi qonunni puxta tushunish lozimligini tushuntirishga harakat qilyapman. Ushbu qonun jamiyatga aholining eng zaif qatlami – sizning farzandlaringiz, O'zbekistonning yosh fuqarolarini himoya qilish imkonini beruvchi vositadir.

Qonunning imzolanishi katta yutuqdir. Hujjat xalqaro standartlar va ilg'or jahon tajribasiga mos keladi. Ma'lumki, zo'ravonlikning insoniy, ijtimoiy va iqtisodiy bahosi bor. "Bolalarni zo'ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to'g'risida"gi qonun yuqorida sanab o'tilgan barcha jihatlarni qamrab olgan. Mazkur islohot O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan boshlangan keng ko'lamli o'zgarishlardan biri bo'lib, mamlakatning bola huquqlarini himoya qilish masalalarida yetakchiligini yaqqol namoyon etadi.

YUNISEF O'zbekistonning xalqaro standartlarga javob berishga intilib, oldinga intilishga bo'lgan sadoqati va qat'iyatidan ilhomlanmoqda. Biz bu ilg'or qadamni mamnuniyat bilan qo'llab-quvvatlaymiz.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish