O'zbekiston elchixonasi Hindistonda odam savdosi qurboniga aylanish xavfi ostiga tushib qolgan yurtdoshimizning vatanga qaytishiga amaliy yordam ko'rsatdi
May 16, 2025. 06:26 • 2 daq
• 186
DEHLI, 16-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi Hindistonga aldov yo'li bilan olib kelingan va odam savdosi qurboniga aylanish xavfi ostida qolgan yurtdoshimizning vatanga qaytishiga amaliy yordam ko'rsatdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Diplomatik missiya konsullik bo'limiga Hindiston huquq-tartibot idoralaridan Dehlidagi Indira Gandi xalqaro aeroportida ruhiy tushkunlik holatidagi Z.T. ismli O'zbekiston fuqarosi aniqlangani haqida ma'lumot kelib tushdi.
Shundan so'ng zudlik bilan yurtdoshimiz bilan aloqa o'rnatilib, u elchixonaga olib kelindi. Surishtiruv jarayonida Z.T.ga S. va K. ismli kimsalar tomonidan Dehli shahridagi oshxonalardan birida ofitsiant bo'lib ishlash taklifi bildirilgani aniqlandi. Biroq Hindistonga kelib, mehmonxonaga joylashgach, Z.T. aldov to'zog'iga tushib qolganini bilib qolgan hamda uni vatanga qaytarib yuborishlarini talab qilgan.
Biroq S. va K. Z.T.dan uning uchun sarflangan yo'l xarajatlarini qoplab berishini talab qilgan hamda jinsiy xizmat ko'rsatishga majburlashga harakat qilishgan.
Z.T. o'zi ushlab turilgan maskandan qochish va mahalliy politsiya vakillariga murojaat qilishga muvaffaq bo'lgan.
O'zbekiston elchixonasi tomonidan og'ir ahvolga tushib qolgan fuqaromizga tezkor konsullik-huquqiy yordami ko'rsatildi hamda homiy tashkilotlar ko'magida "Dehli-Toshkent" yo'nalishidagi aviareysga chipta sotib olindi.
Hindistonning tegishli muassasalari bilan O'zbekiston fuqarosini yolg'on va'dalar bilan Dehliga olib kelib, ekspluatatsiya qilishga urinishda gumon qilinayotgan kimsalarga nisbatan qonuniy chora ko'rilishi bo'yicha hamkorlik qilinmoqda.
Diplomatik missiya vatandoshlarimizni Hindistonga safar qilishdan oldin turli shubhali guruh yoki shaxslarning yolg'on va'dalariga aldanib qolmaslik, ushbu mamlakatga kirish va unda bo'lib turish chog'ida mahalliy qonunchilik talablariga qat'iy rioya qilishga chaqiradi.
Elchixona bunday holatlar yuzaga kelgan taqdirda zarur konsullik-huquqiy yordami ko'rsatilishi uchun zudlik bilan quyidagi vositalar orqali murojaat qilishni tavsiya qiladi:
Telefon: +91 11 2467 0774/75;
Telegram-bot: @consuluzbindia_bot .
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
AQShdagi Braun universitetida otishma vaqtida o‘zbekistonlik talaba halok bo‘ldi
Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni nishonlandi
Norvegiyadagi vatandoshlar bilan ochiq muloqot o'tkazildi
Karachida og'ir vaziyatga tushib qolgan yurtdoshimiz holidan xabar olindi
Malayziyaga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga