O‘zbekiston Bosh konsulxonasi: AQSHning Vashington shtatidagi o‘rmon yong‘inlaridan jabr chekkanlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q
Avgust 03, 2026. 09:30 • 2 daq
• 161
SIETL, 3-avgust. /“Dunyo” AA/. AQSHning Vashington shtati Spokan shahriga o‘rmon yong‘inlari xavfi tufayli 60 mingga yaqin kishiga evakuatsiya qilish to‘g‘risida ko‘rsatma berildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Reuters” agentligining maʼlum qilishicha, mintaqadagi yong‘inlar natijasida allaqachon 600 ta bino, jumladan, turar-joylar va korxonalar vayron bo‘lgan.
Shtat hukumati maʼlumotlariga ko‘ra, mintaqada jami 250 ming akrdan ortiq (101 ming 171 gektar) maydon yonmoqda.
“Spokan hududidagi uchta alohida o‘choqdan iborat yong‘in evakuatsiya eʼlon qilingan tumanlarga xavf solmoqda”, – dedi Spokan yong‘in xavfsizligi xizmati boshlig‘i Tom Uilyams “Reuters” agentligiga.
Yong‘inni o‘chirishga Milliy gvardiyadan tashqari o‘ndan ortiq shtatdan kelgan o‘t o‘chiruvchilar ham yordam bermoqda.
O‘zbekistonning Sietl shahridagi Bosh konsulxonasi Vashington shtati hukumati bilan yaqin aloqa o‘rnatgan holda o‘rmon yong‘inlari bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Bosh konsulxonada maʼlum qilinishicha, so‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q.
Bosh konsul Axror Burxanov yong‘indan jabr ko‘rgan hududlardagi vatandoshlarni ehtiyot choralarini ko‘rishga, mahalliy hokimiyat va favqulodda xizmatlar ko‘rsatmalariga amal qilishga chaqirdi.
Favqulodda vaziyat yuzaga kelganda yoki konsullik yordamini olish zarurati tug‘ilganda, O‘zbekistonning Sietldagi Bosh konsulxonasi +1 (206) 529-7417 telefon raqamiga murojaat qilishni so‘raydi. Telefon kecha-yu kunduz, dam olish kunlarisiz ishlaydi.
“Reuters” portali surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi