Taniqli o'zbek opera xonandasi Rossiya bo'ylab velosayohat uyushtirdi
Iyun 29, 2025. 08:03 • 2 daq
• 72
SANKT-PETERBURG, 29-iyun. /"Dunyo" AA/. Rossiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist, taniqli opera xonandasi Xursand Sherovning velosayohati haqida yozmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolalarda taniqli opera xonandasi va o'ziga xos velosayohatchi Xursand Sherov velosipedda Rossiya bo'ylab sayohat qilayotgani ma'lum qilingan. "Xursand Sherovning Rossiyaning shimoliy hududlari bo'ylab qilgan sayohati uning Toshkentdan Moskvagacha uyushtirgan velosayohatining bir qismidir", – deb yozilgan Murmansk viloyati Ichki siyosat vazirligining telegram-kanalida e'lon qilingan manbada.
Ma'lum qilinishicha, Toshkent shahridan boshlangan velosayohat Markaziy Osiyo xalqlarining do'stlik ramzi va fashizmga qarshi kurashga qo'shgan hissasi sifatida G'alabaning 80 yilligiga bag'ishlandi.
"Bi-port" axborot agentligining yozishicha, 2013-yildan buyon u veloturizmini ommalashtirib kelmoqda. Materialda Xursand Sherov bundan avval Markaziy Osiyo mamlakatlari bo'ylab yugurish musobaqasini uyushtirgani, shuningdek, Mo'g'uliston, Xitoy, Turkiya va Ozarbayjonda bo'lgani xabar qilingan.
"Bu mening to'qqizinchi velosayohatim. E'tiborlisi, bu sayohatim Ikkinchi jahon urushi mavzusiga bag'ishlandi. Bu mavzuni unutmaslik kerak. Tinchligimiz uchun kurashgan hech kim va hech narsa unutilmaydi", – degan Xursand Sherov "Vesti Murmansk" telekanali uchun intervyusida.
Nashrlarda Murmanskda Xursand Sherov sportchilar, "Do'stlik uyi" vakillari, Leninskiy tumani madaniyat uyida esa mahalliy aholi bilan uchrashgani ma'lum qilingan. Tadbirlarda o'zbek opera san'atidan namunalar va Ikkinchi jahon urushi qahramonlari haqidagi qo'shiqlar ijro etildi, deb ta'kidlangan.
"Bunday ijodiy uchrashuvlar avlodlar va madaniyatlar o'rtasida o'ziga xos ko'prik bo'lishi mumkin, – deyiladi Rossiya OAV tarqatgan materiallarda. – Murmanskda bir necha kun bo'lganidan so'ng o'zbek opera qo'shiqchisi safarini davom ettirib, Petrozavodsk orqali Sankt-Peterburgga yo'l oladi".
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Qozog‘istonning Atirau viloyatidagi vatandoshlar uchun sayyor qabul o‘tkazildi
AQShdagi Braun universitetida otishma vaqtida o‘zbekistonlik talaba halok bo‘ldi
Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni nishonlandi
Norvegiyadagi vatandoshlar bilan ochiq muloqot o'tkazildi