Logo

Pokistonda 5 nafar farzandi bilan mushkul ahvolda qolgan vatandoshimiz O'zbekistonga qaytarildi

Sentabr 29, 2025. 15:52 • 52 soniya

157
Pokistonda 5 nafar farzandi bilan mushkul ahvolda qolgan vatandoshimiz O'zbekistonga qaytarildi

 ISLOMOBOD, 29-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning elchixonasi ko'magida Pokistonda mushkul ahvolda qolgan hamyurtimiz K.I. va uning 5 nafar farzandi O'zbekistonga qaytarildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Yurtimiz diplomatik vakolatxonasi ma'lumotiga ko'ra, vatandoshimiz K.I. o'z murojaatida Pokistonda boquvchisiz qolgani, turar joy va kundalik ehtiyojlar, xususan oziq-ovqat uchun ham zarur mablag'ga ega emasligini ma'lum qilib, O'zbekistonga qaytishi uchun amaliy yordam berishni so'ragan.

Murojaat elchixona tomonidan alohida nazoratga olinib, tezkor choralar ko'rildi.  Ular vaqtinchalik turar joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak hamda kundalik ehtiyojlari uchun mablag' bilan ta'minlandi. Shuningdek, oilaning O'zbekistonga yetib olishi uchun Vatanga qaytish guvohnomalari rasmiylashtirildi, boshqa turdagi zarur konsullik-huquqiy yordam ko'rsatildi.

Pokistonning tegishli vazirlik va idoralari mutasaddilari bilan o'tkazilgan muzokaralar natijasida, ushbu mamlakatdagi viza tartiboti va bu yerda bo'lib turish tartiblari buzilganiga qaramasdan, hamyurtimiz va uning farzandlarini jarima va to'lovlarsiz davlatdan chiqarib yuborish to'g'risida kelishuvga erishildi.

O'zbekiston elchixona va Migratsiya agentligi ko'magida ushbu oilaga "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasining "Islomobod-Toshkent" yo'nalishidagi samolyotiga aviachiptalar olib berildi va ular 27 sentyabr kuni Vatanga kuzatib qo'yildi.

 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish