“Nasaf” Kuvaytda revansh uchun maydonga tushadi

Noyabr 03, 2026. 19:55 • 2 daq

• 1
“Nasaf” Kuvaytda revansh uchun maydonga tushadi

AL-KUVAYT, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 2-noyabr kuni “OFK Chempionlar ligasi – 2” musobaqasida ishtirok etayotgan Qarshining “Nasaf” jamoasi futbolchilari Al-Kuvayt xalqaro aeroportida kutib olindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

4-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da “Nasaf” jamoasi guruh bosqichining 4-turi doirasida mezbonlarning “Kuwait SC” klubiga qarshi bahs olib boradi.

Mazkur uchrashuv har ikki jamoa uchun muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Qarshi shahrida bo‘lib o‘tgan dastlabki uchrashuvda kuvaytliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozongan edi. Shu bois, ushbu bahsda “Nasaf” jamoasi mag‘lubiyat uchun munosib javob qaytarish va muhim ochkolarni qo‘lga kiritishni maqsad qilgan.

Jamoa mutasaddilari bilan bo‘lgan suhbatda futbolchilarning kayfiyati yuqori ekani, bo‘lajak uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgani ta’kidlandi. Qarshiliklar maydonga faqat g‘alaba uchun tushish, bor kuch va imkoniyatlarini ishga solib, muxlislar ishonchini oqlash hamda revansh olish uchun harakat qilishini bildirishdi.

Raqib jamoa – Kuvaytning professional “Kuwait SC” klubi mamlakat futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan jamoalardan biri hisoblanadi. Klub Kuvayt Premyer-ligasida 21-marta chempionlikni qo‘lga kiritgan va o‘z tarixida 60 dan ortiq sovringa sazovor bo‘lgan. “Kuwait SC” 2009, 2012 va 2013-yillarda OFK kubogi g‘olibi bo‘lib, Osiyo futbolida ham munosib natijalar qayd etgan.

Qizig‘i shundaki, “Nasaf” va “Kuwait SC” jamoalarining o‘zaro to‘qnashuvi bundan 13-yil avval ham katta tarixiy ahamiyat kasb etgan. O‘shanda Qarshi shahrida OFK kubogining final uchrashuvi bo‘lib o‘tgan va unda “Nasaf” raqibini 2:1 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixida ilk bor OFK kubogini qo‘lga kiritgan edi.

Endilikda ikki jamoa yana xalqaro maydonda kuch sinashmoqda. Bu galgi bahsning ahamiyati ancha yuqori. “Nasaf” uchun mazkur uchrashuvda g‘alaba qozonish va keyingi bosqichga chiqish uchun muhim ochkolarni qo‘lga kiritish alohida ahamiyatga ega.

Yurtdoshlarimizga bo‘lajak uchrashuvda omad va g‘alaba tilaymiz.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish