Dohada qiyin ahvolga tushib qolgan 91 nafar O‘zbekiston fuqarosi munosib uy-joy bilan ta’minlandi
Mart 05, 2026. 09:15 • 2 daq
• 303DOHA, 5-mart. /“Dunyo” AA/. 4-mart kuni O‘zbekiston elchixonasi vakillari turli sabablarga ko‘ra Qatarda bo‘lib turgan vatandoshlar holidan xabar olib, ularga zarur amaliy va axborot ko‘magini ko‘rsatdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Elchi Ashraf Xo‘jayev Doha portiga tashrif buyurib, “Celestine cruises”kemasida bo‘lgan 71 nafar vatandoshimiz bilan uchrashdi. Suhbat davomida hamyurtlarimizga yuzaga kelgan vaziyat haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, O‘zbekiston hukumati Qatarning tegishli idoralari bilan hamkorlikda vatandoshlarimiz xavfsizligini ta’minlash hamda vaziyatdan kelib chiqib ularni Vatanga qaytarish mexanizmlarini ishlab chiqayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, Qatar turizm tashkiloti bilan kelishilgan holda 91 nafar fuqaromiz munosib turar-joylar bilan ta’minlandi.
Elchixona vakillari “Grand Regal”, “Hampton”, “Jouri Al Murwab” va “Retaj Al Rayyan” mehmonxonalariga tashrif buyurib, u yerlarda vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarimiz haqida aniq ma’lumot to‘plab, ularning ro‘yxatini shakllantirdi. Bu ehtimoliy evakuatsiya yoki boshqa tashkiliy choralarni muvofiqlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda Qatar havo hududi yopiqligicha qolmoqda. Mamlakatda bo‘lib turgan xorijiy sayyohlar qo‘shimcha rasmiy ma’lumot berilishini kutishmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


