Logo

Polshadagi vatandoshlardan tuzilgan jamoa futbol bo'yicha xalqaro turnirda chorak final bosqichiga chiqdi

Iyul 07, 2025. 10:29 • 2 daq

59
Polshadagi vatandoshlardan tuzilgan jamoa futbol bo'yicha xalqaro turnirda chorak final bosqichiga chiqdi

KATOVITSE7-iyul. /"Dunyo" AA/. Polshaning Katovitse shahridagi "Mosir" stadionida "World Cup Katowice Internationals 2025" xalqaro futbol turniri bo'lib o'tmoqda, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Turnir "Katowice Internationals Foundation" tomonidan shahar hokimligi va WSB universiteti ko'magida tashkil etildi.

Unda 20 dan ortiq davlatdan 28 jamoa ishtirok etdi. Ishtirokchilar orasida mezbon mamlakatda yashovchi o'zbek diasporasi vakillari, shuningdek, Polsha, Ukraina, Falastin, Pokiston, Hindiston va boshqa mamlakat fuqarolari bor edi.

Tashkilotchilarga ko'ra, turnir madaniy muloqotni rivojlantirish va sport orqali turli xalqlar o'rtasidagi do'stlik rishtalarini mustahkamlash maqsadi o'tkazildi.

O'zbekiston elchixonasi ma'lumotiga ko'ra, vatandoshlardan tuzilgan O'zbekiston terma jamoasi turnirda munosib o'yin namoyish etib, musobaqaning chorak finaliga chiqdi.

Mamlakatimiz vakillari tomonidan ko'rsatilayotgan jamoaviy o'yin, taktik yurishlar, futbolchilarning bir-birini tushunishi kabi professional jihatlar ishqibozlar va mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.

Ta'kidlash joizki, mazkur turnir xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, yoshlar o'rtasida sport va sog'lom turmush tarzini ommalashtirishga xizmat qiladi.

"Katowice Internationals Foundation" rahbari Marko Chilepining aytishicha, mazkur turnir Katovitse shahri aholisi va Polshaning turli shaharlarda yashovchi xorijliklarni birlashtiradi.

"Turnirda 28 ta terma jamoa ishtirok etmoqda. Ayni paytga kelib chorak final o'yinlari davom etyapti. Mazkur bosqichga Polsha, O'zbekiston, Misr, Braziliya, Marokash, Portugaliya, Nigeriya va Kolumbiya kurash olib boryapti. Turnirga bo'lgan qiziqish esa juda yuqori", – dedi Marko Chilepi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish