Logo

Rossiyada pasporti olib qo'yilib, majburiy mehnatga jalb etilgan bir guruh vatandoshlarga yordam ko'rsatildi

Noyabr 06, 2023. 10:06 • 57 soniya

1195
Rossiyada pasporti olib qo'yilib, majburiy mehnatga jalb etilgan bir guruh vatandoshlarga yordam ko'rsatildi

YEKATЕRINBURG, 6-noyabr. /«Dunyo» AA/. O'zbekistonning Yekaterinburgdagi Bosh konsulligi xodimlari Tashqi mehnat migratsiya agentligi vakillari bilan hamkorlikda Rossiyaning Ural federal okrugida majburiy mehnatga jalb etilgan yurtdoshlarimizning Vatanga qaytishlariga ko'mak ko'rsatishdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Bosh konsullikdan olingan ma’lumotlarga ko'ra, shu yil oktyabr oyida O'zbekiston fuqarolari X.S., B.S. U.D Tashqi mehnat migratsiya agentligining Yekaterinburg shahridagi vakiliga murojaat qilib Sverdlovsk viloyatidagi «Reftinskaya ptitsefabrika» korxonasi ish beruvchilari bir guruh vatandoshlarimizning fuqarolik pasportlarini olib qo'yganini hamda oylik maoshlarini bermasdan majburiy tarzda ishlatib kelayotganini ma’lum qilgan.

Vatandoshlarimizning murojaatlari asosida olib borilgan surishtiruvlarga ko'ra, joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida Moskva viloyatida ro'yxatdan o'tgan «Konstanta» MCHJ 100 nafardan ortiq yurtdoshlarimizni Sverdlovsk viloyatidagi yirik tovuq yetishtirish xo'jaligiga olib kelgan. Migrantlar Rossiyada vaqtincha bo'lish va ishlash huquqini beruvchi hujjatlar bilan rasmiylashtirilmasdan ishga jalb etilgan.

Hamyurtlarimiz bilan muloqot davomida ular 2 oy davomida oylik maoshlarini olmaganliklari, fuqarolik pasportlari tortib olingani aniqlandi.

Korxona rahbariyati bilan olib borilgan muzokaralar natijasida 53 nafar yurtdoshlarimizning fuqarolik pasport olib berilishiga erishildi va ularga Vatanga yetib olishlari uchun ko'mak ko'rsatildi. Qolganlar esa Yekaterinburg, Moskva va boshqa shaharlarida qonuniy tarzda o'z faoliyatlarini davom ettirish istaklarini bildirdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish