Logo

Janubiy Koreyada vatandoshlar ishtirokida bahor sayli o'tkazildi

Aprel 29, 2025. 09:25 • 2 daq

99
Janubiy Koreyada vatandoshlar ishtirokida bahor sayli o'tkazildi

SEUL, 29-aprel. /Dunyo" AA/. Janubiy Koreya poytaxtidagi eng yirik Seul bog'ida vatandoshlar ishtirokida bahor sayli festivali tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Sayil xalqimizning boy madaniy merosini asrab-avaylash, uni xalqaro miqyosda keng targ'ib qilish, yoshlarimizda o'zligimizni ifodalovchi belgilarga nisbatan iftixor tuyg'usini shakllantirishda maqsadida uyushtirildi. Yuzga yaqin fuqarolarimiz ishtirok etgan mazkur tadbir O'zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Janubiy Koreyadagi vakolatxonasi tashabbusi va ko'magida tashkil etildi.

Festival ishtirokchilari an'anaviy o'yinlarda o'z imkoniyatlarini sinab ko'rdi, milliy taomlarimizdan bahramand bo'lishdi. Milliy liboslar festivalga alohida fayz bag'ishladi – o'g'il bolalar do'ppilarda, qizlar esa atlas va adrasdan tikilgan yorqin ko'ylaklarda ishtirok etdi.

Bunday yorqin va ko'rgazmali bayram mahalliy aholi e'tiboridan ham chetda qolmadi. Ular vatandoshlarimiz ishtirokidagi bahor sayliga qo'shilib, O'zbekistonning madaniyati, san'ati, tarixi haqida savollarga javob oldi, milliy liboslar va do'stona muhitdan hayratini yashirmadi.

Festival ayniqsa Janubiy Koreyada uzoq vaqtdan buyon istiqomat qilib kelayotgan o'zbek oilalar uchun alohida ahamiyat kasb etdi. Ko'pchilik ota-onalar xorijiy til va madaniy muhitda voyaga yetayotgan farzandlari uchun bunday uchrashuvlar milliy o'zligimizni anglashda muhim ko'prik bo'layotganini ta'kidladilar.

Ularning fikricha, O'zbekistonning boy madaniyati, milliy qadriyatlarimiz haqida nafaqat eshitish, balki uni his qilish, milliy liboslarimizni kiyib ko'rish, xalqona o'yinlarda ishtirok etish imkoniyati o'zlikni shakllantirish uchun bebaho tajribadir.

O'zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Janubiy Koreyadagi vakili Yelena Chuyanovaning aytishicha, bunday tadbirlar shunchaki hordiq chiqarish uchun emas, balki milliyligimizni asrab-avaylash, o'z madaniyatimizga nisbatan g'urur tuyg'usini shakllantirish, vatandoshlarimiz o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda ham o'ziga xos hissa qo'shmoqda.

Festival so'ngida an'anaviy o'yinlarning faol ishtirokchilari va g'oliblariga homiylar tomonidan sovg'alar – o'zbek va xorijiy adiblarning o'zbek tilidagi kitoblari taqdim qilindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish