Logo

O'zbekistonlik talabalar "Woodok Yoon Deokbyeong" jamg'armasining xalqaro stipendiyasiga ega bo'ldi

Noyabr 07, 2025. 08:27 • 2 daq

54
O'zbekistonlik talabalar "Woodok Yoon Deokbyeong" jamg'armasining xalqaro stipendiyasiga ega bo'ldi

SEUL, 7-noyabr. /"Dunyo" AA/. 2025 yil 5 noyabr kuni Seulda "HY & Paldo" kompaniyalar guruhi asoschisi, taniqli tadbirkor va xayriyachi Yun Dok Byon tomonidan ta'sis etilgan "Woodok Yoon Deokbyeong" jamg'armasining xalqaro stipendiyalarini topshirish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda O'zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchisi Alisher Abdusalomov, diplomatik korpus vakillari, jamg'arma rahbariyati va boshqa mehmonlar ishtirok etdi.

 Marosim doirasida Janubiy Koreyaning yetakchi universitetlarida tahsil olayotgan o'zbekistonlik 10 nafar talabaga har bir o'qish yili uchun 3 million von (taxminan 2100 dollar) miqdorida stipendiya topshirildi.

2010 yilda "HY & Paldo" asoschisi tomonidan tashkil etilgan "Woodok Yoon Deokbyeong" jamg'armasi 16 yildan beri ta'lim va ilmiy dasturlarni amalga oshirib, iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlab, gumanitar tashabbuslarni rivojlantirib kelmoqda. Jamg'arma o'z faoliyati davomida 1,5 ming nafarga yaqin talabaga turli stipendiyalar ajratib, ularni moddiy tomondan rag'batlantirgan.

2023 yilda jamg'arma xalqaro stipendiya ta'sis etdi va Janubiy Koreyada tahsil olayotgan chet elik talabalarni, jumladan, o'zbekistonlik talabalarni qo'llab-quvvatladi. Jamg'arma raisining ta'kidlashicha, bunday xayrli ishlarni qilishdan maqsad – tashabbuskor va rivojlanishga intilayotgan yoshlarni qo'llab-quvvatlashdir.

Dunyo bozorida mashhur bo'lgan "HY & Paldo" Janubiy Koreyadagi yetakchi oziq-ovqat kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Ushbu kompaniya faoliyati turli ichimliklar, sut mahsulotlari, tez tayyorlanadigan ugra ishlab chiqarish va Paldo brendi ostida oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishdan iborat.

Kompaniya O'zbekiston bilan uzoq muddatli iqtisodiy va madaniy aloqalarga ega. 2025-yilda "HY & Paldo" kompaniyasining Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi. Hozirda bu vakolatxona O'zbekistondagi faoliyatiga to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar kiritish va samaradorlikni kengaytirish bilan shug'ullanmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish