O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasida vatandoshlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
Oktabr 07, 2026. 12:30 • 2 daq
• 176MOSKVA, 7-oktabr. /“Dunyo” AA/. Rossiyada o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida mamlakatimiz elchixonasida vatandoshlar va madaniy tashkilotlar vakillari bilan ochiq muloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda elchi Botirjon Asadov ishtirok etdi.
Tadbirda Moskvaning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida, jumladan, Rossiya TIVning Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO), “Oliy iqtisodiyot maktabi” milliy tadqiqot universiteti, G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiy universiteti hamda Rossiya xalqlar do‘stligi universitetida tahsil olayotgan talabalar hamda poytaxtda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan 100 dan ortiq vatandoshlarimiz jamlandi.
Muloqot chog‘ida yurtdoshlarimizning Rossiyadagi hayoti, ta’lim va mehnat sharoitlari, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekiston bilan aloqalarini yanada mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, xorijda tahsil olayotgan yoshlarning milliy o‘zligini asrab-avaylashi, ona tili, milliy urf-odat va an’anaga sadoqat ruhida voyaga yetishi muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, yoshlarning O‘zbekiston madaniyati va san’atini xorijda keng targ‘ib etishdagi faol ishtiroki yuqori baholandi.
Uchrashuv davomida Rossiyada mehnat qilayotgan vatandoshlarning taklif va fikrlari ham tinglandi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi loyihalar haqida ma’lumot berilib, chet elda milliy madaniyatimiz va san’atimizni targ‘ib qilishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
“O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbir vatandoshlar bilan bevosita muloqot qilish, ularning fikrlarini eshitish hamda vatan bilan ma’naviy-madaniy rishtalarni yanada mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




