O‘zbekiston va Pokiston iqtisodiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qilmoqda

Oktabr 07, 2026. 16:25 • 2 daq

• 7
O‘zbekiston va Pokiston iqtisodiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qilmoqda

ISLOMOBOD, 7-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Bosh vazirining maslahatchisi — sanoat va ishlab chiqarish vaziri Xarun Axtar Xon bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish, xususan, savdo, investitsiyalar, eksport va xalqlar o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Bosh vazir maslahatchisi Xarun Axtar Xon Pokiston O‘zbekiston bilan iqtisodiy munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarish, shuningdek, savdo, investitsiyalar, eksport va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi birodarlik va do‘stlik rishtalari o‘zaro manfaatli tijorat aloqalarini yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Shuningdek, tomonlar o‘zaro delegatsiyalar almashinuvini faollashtirish, hududlararo hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, imzolanishi rejalashtirilayotgan ikki tomonlama xalqaro shartnomalar bo‘yicha ishlarni jadallashtirish masalalarini muhokama qildilar. Shu bois, yaqin kelajakda kutilayotgan yuqori darajadagi tashriflar, O‘zbekiston-Pokiston biznes-forumi va Hududlararo forumni yuqori saviyada tashkil etish hamda ularni aniq amaliy natijalarga yo‘naltirish muhimligi qayd etildi.

Muloqot davomida transport-logistika aloqalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish va ularning sonini oshirish savdo hamda turizmni rivojlantirishda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, avia-kargo sohasida hamkorlikni kengaytirish, yuk tashish yo‘nalishlarini rivojlantirish ikki tomonlama savdo hajmini oshirishga va tovarlarni yetkazib berishni sezilarli darajada yengillashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish