Logo

O'zbekiston va Daniya Ombudsmanlari o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Sentabr 23, 2025. 19:21 • 2 daq

35
O'zbekiston va Daniya Ombudsmanlari o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

TOSHKENT, 23-sentyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) boshchiligidagi delegatsiya 22-sentyabr kuni Daniya Parlamenti Ombudsmani taklifiga binoan Kopengagen shahriga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ombudsman axborot xizmati ma'lumotiga ko'ra, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) ko'magida tashkil etilgan mazkur tashrifdan ko'zlangan asosiy maqsad — ko'p yillik tajribaga ega Daniya Parlamenti Ombudsmanining faoliyat yo'nalishlari bilan yaqindan tanishish, inson huquqlari sohasidagi ilg'or tajribalarni o'rganish, tajriba almashish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdan iboratdir.


Delegatsiya tarkibiga Ombudsman xodimlari, hamkor tashkilotlar vakillari hamda Ombudsman huzuridagi jamoatchilik guruhi a'zolari kiritilgan.


Uchrashuvda delegatsiya a'zolariga Daniya Parlament Ombudsmani faoliyati, uning mandati, tuzilmasi va murojaatlarni ko'rib chiqishda qo'llaniladigan metodlar haqida atroflicha ma'lumot berildi.

Murojaatlarni elektron tizim orqali boshqarish jarayoni haqida taqdimot o'tkazildi. Shuningdek, murojaatlarni ko'rib chiqishda fuqarolik jamiyati bilan hamkorlik qilish tajribasi bo'yicha fikr almashildi.


Tashrif doirasida O'zbekiston va Daniya Ombudsmanlari o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unda tajriba almashish, milliy preventiv mexanizm faoliyatini takomillashtirish va inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi.


Delegatsiya a'zolari Daniya Parlament Ombudsmani tizimida amalga oshirilayotgan innovatsion yondashuvlarni o'rganish imkoniyatiga ega bo'lishdi.


Ma'lumot uchun, Daniya Parlament Ombudsmani Yevropada inson huquqlarini himoya qilish sohasida ilg'or institutlardan biri hisoblanadi. U 1954-yilda ta'sis etilgan bo'lib, parlamentning mustaqil organi sifatida davlat idoralari faoliyati ustidan nazorat olib boradi. Joriy yilda Daniya Parlament Ombudsman institutiga 70 yil to'ldi. Inson huquqlari sohasida to'plangan bu ko'p yillik tajriba bilan tanishish O'zbekiston Ombudsmani uchun alohida ahamiyatga ega bo'ldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish