O‘zbekiston delegatsiyasi Belarusda avtomexaniklarni tayyorlash tajribasini o‘rgandi
May 17, 2026. 16:00 • 2 daq
• 205MINSK, 17-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonlik bir guruh mutaxassis va pedagog xodimlardan iborat delegatsiya malaka oshirish, texnik xodimlarni qayta tayyorlash hamda zamonaviy taʼlim metodikalarini amaliyotga joriy etish maqsadida Minsk davlat avtomexanika kolleji (MDAK)ga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.
Ushbu o‘quv tashrifi doirasida O‘zbekistonning transport va texnik yo‘nalishdagi uchta yetakchi taʼlim muassasasi – Toshkentdagi Turin politexnika universiteti qoshidagi akademik litsey, Shayxontohur transport hamda Toshkent transport texnikumlari vakillari qatnashdi.
Safar davomida delegatsiya MDAK mutaxassislari tomonidan tayyorlangan o‘quv-amaliy dasturda ishtirok etdi. Dastur doirasida Belarus o‘rta maxsus taʼlim tizimida texnik fanlarni o‘qitishning zamonaviy usullariga bag‘ishlangan tanishuv maʼruzalari va seminarlar o‘tkazildi. Shuningdek, kollejning o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonalarida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilib, ishtirokchilar zamonaviy diagnostika uskunalarida ishlash, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va taʼmirlash texnologiyalari bilan yaqindan tanishdi.
Ishtirokchilar elektrotexnika, avtomobil dvigatellari hamda transport vositalarining tuzilishi va ekspluatatsiyasiga oid maxsus laboratoriya va auditoriyalar faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, MDAKning yetakchi o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ustalari tomonidan innovatsion pedagogik texnologiyalarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha master-klasslar ham o‘tkazildi.
O‘zbekiston taʼlim muassasalari vakillari fikricha, ikki davlatning yetakchi o‘quv yurtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kasbiy hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi pedagogik tajriba almashish, taʼlim dasturlarini takomillashtirish hamda transport va avtomexanika sohasida mutaxassislar tayyorlash sifatini yana-da oshirish uchun keng imkoniyat yaratadi.
O‘z navbatida, Minsk davlat avtomexanika kolleji maʼmuriyati O‘zbekiston delegatsiyasining tadbirlarda faol ishtirok etgani uchun samimiy minnatdorlik izhor etib, ikki davlat kasbiy taʼlim tizimini rivojlantirish yo‘lida hamkorlik yana-da mustahkamlanishiga umid bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







