Polshaning yirik to‘qimachilik kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda

May 17, 2026. 13:30 • 2 daq

94
Polshaning yirik to‘qimachilik kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda

VARSHAVA, 17-may. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Varshavadagi elchixonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akrom Aliyev hamda Polshaning “LPP S.A.” kompaniyasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Slavomir Loboda o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda O‘zbekiston elchisi Amirsaid Aʼzamxo‘jayev, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov hamda Toshkent viloyati hokimligi vakillari ham ishtirok etdi.

Muzokaralar davomida ishtirokchilar ikki tomonlama hamkorlikni yana-da kengaytirish, O‘zbekistonda ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va mamlakatga dunyoga mashhur brendlarni jalb qilish masalalarini muhokama qildi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlikning ijobiy dinamikasini alohida eʼtirof qildi, O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining yuqori salohiyatini qayd etib, ushbu sohada amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Bundan tashqari, yaqin istiqbolda yangi sheriklik aloqalarini o‘rnatish, ishlab chiqaruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish va qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish maqsadida Polsha kompaniyalari vakillarining O‘zbekistonga tashrifini uyushtirish rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirishga tayyor ekanini taʼkidladi.

1991-yili Gdansk shahrida asos solingan “LPP S.A.” kompaniyasiga bugungi kunda u nafaqat Polshada, balki butun Markaziy va Sharqiy Yevropadagi tikuvchilik va moda sanoatining eng yirik ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya portfelidan isteʼmol bozorining turli segmentlariga mo‘ljallangan “Reserved”, “Cropp”, “House”, “Mohito”: va “Sinsay” kabi mashhur xalqaro brendlar o‘rin olgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish