O'zbekiston va Xitoy o'rtasida ta'lim sohasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda
Sentabr 25, 2025. 23:03 • 53 soniya
• 110
PEKIN, 4-oktyabr. /"Dunyo"AA/. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (TDShU) rektori Gulchehra Rixsiyeva boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi amaliy safar bilan Xitoyga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar davomida delegatsiya a'zolari Xitoy Ta'lim vazirligi huzuridagi Xorij bilan xitoy tili almashinuv markazi rahbari Yu Yufen bilan uchrashuv o'tkazdi. Unda Lanjou va TDShU qoshidagi Konfutsiy institutini rivojlantirish masalalari ko'rib chiqildi.
Uchrashuv davomida, shuningdek, xitoy tili o'qituvchilarini universitetga taklif etish, ularning malakasini oshirish, maktab va oliygohlar uchun o'quv adabiyotlari hamda darsliklar yaratish kabi qator masalalar muhokama qilinib, bir qancha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, HSK xalqaro xitoy tili imtihoni markazi, TDShU va Konfutsiy instituti o'rtasida uch tomonlama shartnoma imzolandi. Hujjatga ko'ra, TDShU huzuridagi Konfutsiy institutida shu yildan boshlab rasman HSK imtihonlari o'tkaziladi.
Bundan tashqari, mazkur markazda xitoy tili o'qituvchilarining bilimini baholash uchun testlar tashkil etish xususida fikr almashildi. Boshqa soha mutaxassislari ikkinchi mutaxassislik sifatida yoki intensiv kursni tamomlaganidan so'ng, ushbu imtihonlarni topshirib, natijalarga ko'ra talabgorlar xitoy tili o'qituvchisi sifatida faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo'lishi qayd etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi