Logo

O'zbekiston Eron bilan ipakchilik va gilamdo'zlik sohasida hamkorlik qiladi

Sentabr 21, 2025. 12:57 • 1 daq

77
O'zbekiston Eron bilan ipakchilik va gilamdo'zlik sohasida hamkorlik qiladi

TEHRON, 21-sentabr. "Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi ko'magida "O'zbekipaksanoat" uyushmasi raisi Ikrom Sayfullayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasining Eronga tashrifi uyushtirildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston delegatsiyasi tashrif davomida Eron milliy gilam markazida ikki tomonlama muzokaralar o'tkazdi.

Unda Eron tomonidan Qo'lda tikilgan gilamlar oliy boshqaruv kengashi raisi Yahyo El-Is'hoq, Milliy gilam markazi raisi Zahro Kamoniy, Milliy gilam markazi raisining sanoat bo'yicha o'rinbosari Yasir Xanafiy, Gilamchilik oliy kengashi kotibiyati mudiri Muhammad Rizo Nuriy, Ta'lim guruhi rahbari Fariborz Nurpanoh, Gilamchilik materiallari savdosi guruhi raisi Nodir Hamd Huseyniy, Qum shahri gilamchilik uyushmasi raisi o'rinbosari Javad Ilyosiy, Ipak tolasi ishlab chiqaruvchisi Muhammad Juchiyan, Gilamlar dizayni va san'ati bo'limi boshlig'i Murtazo Akamiriy, Eron-O'zbekiston qo'shma savdo-sanoat palatasi raisi o'rinbosari Alirizo Saney Nikobodiy ishtirok etdi.

Tomonlar ikki mamlakat o'rtasida ipakchilik va gilamchilik sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

Eron tomoni so'nggi yillarda O'zbekiston Prezidenti boshchiligida mamlakatimizda ipakchilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi. O'zbekiston ipakchilik sohasida Xitoy va Hindiston kabi dunyoning yetakchi ipak yetishtiruvchi mamlakatlaridan biriga aylangani qayd etildi.

Muzokaralar yakunida tajriba almashish va hamkorlik ko'lamini yanada kengaytirish maqsadida ipakchilik va gilamchilik sohasida qo'shma ko'rgazmalar tashkil etish va delegatsiyalar tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish