Britaniyaning nufuzli muzeyi mutaxassislari o'zbekistonlik hamkasblari bilan tajriba almashadi
Avgust 21, 2024. 17:17 • 2 daq
• 210
LONDON, 21-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning nufuzli "Natural History Museum" – Tabiat tarixi muzeyining xalqaro hamkorlik masalalari bo'yicha direktori Emma Vuds bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Emma Vuds Tabiat tarixi muzeyi faoliyati va xorijiy mamlakatlarning mazkur yo'nalishdagi tashkilotlari va markazlari bilan o'rnatilgan xalqaro aloqalar haqida ma'lumot berdi. Uning aytishicha, Tabiat tarixi muzeyi hozirgi kunda, mamlakatning ekologiya, iqlim o'zgarishi hamda atrof-muhitni asrashga mas'ul bo'lib, hamkorlikda bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Britaniya tomoniga O'zbekiston muzeylari bilan restavratsiya va konservatsiya yo'nalishida malaka oshirish, treninglar va seminarlar tashkil etish, usta-restavrator va muzey boshqaruvi yo'nalishlarida xodimlar almashinuvini yo'lga qo'yish, qo'shma tadqiqot va ta'lim loyihalari, jumladan eksponat va madaniy boyliklarni birgalikda o'rganish hamda tahlil qilish, muzeylarni rivojlantirish, ko'rgazmalar tashkil etish sohalarida hamkorlik qilish bo'yicha takliflar bildirildi.
Tomonlar, shuningdek, O'zbekiston muzeylari va Tabiat tarixi muzeyi o'rtasidagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ta'sis etilgan O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Iqlim kengashi to'g'risida ma'lumot berildi.
Emma Vuds Iqlim kengashining tashkil etilishi iqlim o'zgarishi, atrof-muhit himoyasi va ekologik hamkorlik yo'nalishlaridagi O'zbekistonning mas'ulligini yuqori baholadi.
"Tabiat tarixi muzeyi O'zbekiston muzeylari va tashkilotlari bilan mazkur sohada birgalikda qo'shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor", - dedi u.
Tabiat tarixi muzeyi homiyligida har yili o'tkaziladigan "Wildlife Photographer of the Year Competition" – "Yilning yovvoyi tabiati fotografi" tanlovida O'zbekiston vakillarining ishtirokini ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Xususan, 7-27-sentyabr kunlari Toshkent fotosuratlar uyida "Wildlife Photographer of the Year" akademiyasi tinglovchilarining fotoko'rgazmasi bo'lib o'tishi bildirildi. Unda taniqli fotosuratchi Klaus Nigge rahbarligidagi yosh O'zbekiston ijodkorlarining asarlari taqdim etiladi.
Suhbat yakunida mazkur yo'nalishlarda o'zaro hamkorlik aloqalarini jadallashtirishga kelishib olindi.
"Natural History Museum" tabiatga doir tarixning turli segmentlaridan ko'plab namunalarni namoyish etadigan muzey hisoblanadi. Hozirda muzeyda ming nafar xodim va 350 nafar tadqiqotchi olimlar faoliyat olib bormoqda. Muzey fondida 80 million eksponat mavjud. Tabiat tarixi muzeyiga har yili 5,5 million kishi keladi. Tashkilot dunyo bo'ylab 5 ming ziyod olimlar bilan hamkorlik qiladi. Uning tarkibida Geologiya muzeyi va Darvin markazi faoliyat yuritadi. 2001 yildan e'tiboran muzeyga kirish bepul.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Misr to‘qimachilik sanoatida istiqbolli kelishuvlarga erishdi
Vengriyaning nufuzli universitet va kompaniyalari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
Reading universitetining O'zbekistonda kampusini ochish masalasi muhokama qilindi