Logo

FIDE 2026-yilgi shaxmat toji uchun o‘yinni o‘tkazish bo‘yicha tender eʼlon qildi

May 04, 2026. 11:25 • 3 daq

325
FIDE 2026-yilgi shaxmat toji uchun o‘yinni o‘tkazish bo‘yicha tender eʼlon qildi

TOSHKENT, 4-may. /“Dunyo” AA/. Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) 2026-yilgi jahon chempioni unvoni uchun o‘yinni o‘tkazish uchun ariza topshirish jarayoni boshlanganini eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Musobaqada amaldagi chempion Gukesh Dommaraju va daʼvogar Javohir Sindarov to‘qnash keladi. Bo‘lajak uchrashuv chempionlik o‘yinlari tarixidagi eng yosh uchrashuv bo‘ladi ­– ikkala grossmeyster ham musobaqa boshlanish paytida 20 yoshda bo‘ladi.

Uchrashuv joriy yilning 23-noyabridan 17-dekabriga qadar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan va bahs 25 kungacha davom etadi. Taxminiy byudjet 8,5 million AQSH dollarini tashkil etadi, eng kam mukofot jamg‘armasi esa 2,5 million dollar etib belgilangan.

Tadbirni o‘tkazishga daʼvogar tashkilotchilar moliyaviy shartlar, jumladan, tijorat, homiylik va translyatsiya huquqlarini taqsimlash bo‘yicha batafsil arizalarni taqdim etishi kerak. Hujjatlarni topshirishning oxirgi muddati – 31-may.

FIDE nomzodlar bilan qo‘shimcha muzokaralar olib borish huquqini o‘zida saqlab qoladi va yakuniy qaror taklif etilgan shartlar va shaxmatni rivojlantirish manfaatlarini hisobga olgan holda qabul qilinadi.

Hozirda bir qator daʼvogar shaharlar ko‘rib chiqilmoqda. Asosiy nomzodlar orasida Toshkent va Samarqand ham bor, ular Javohirning muvaffaqiyatidan so‘ng uchrashuvni davlat darajasida qabul qilishga tayyor ekanini bildirishgan. Chempion Gukesh tufayli Hindiston ham favorit hisoblanadi: Chennai va Nyu-Dehli maydon sifatida muhokama qilinmoqda.

Neytral variantlar orasida avvalgi musobaqaga mezbonlik qilgan Singapur, shuningdek, shaxmatga faol sarmoya kiritayotgan Abu-Dabi va Dubay bor. Yevropa imkoniyatlari qatorida London ham tilga olinadi.

Bundan tashqari, shaxmat doiralarida tenderga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan boshqa shaharlar ham muhokama qilinmoqda: Batumi, Ar-Riyoz, Astana, Varshava va Dyusseldorf. Ularning baʼzilari allaqachon FIDEning yirik turnirlarini o‘tkazish tajribasiga ega yoki katta moliyaviy shartlarni taklif qilishga tayyor.

Nostandart format ham istisno qilinmaydi – o‘yin bir vaqtning o‘zida ikki mamlakatda, masalan, Hindiston va O‘zbekistonda o‘tkazilishi mumkin. Nomzodlarning yakuniy ro‘yxati may oyining oxirida arizalarni qabul qilish tugagandan so‘ng maʼlum bo‘ladi.

FIDE qoidalariga ko‘ra, jahon chempionligi uchun klassik match odatda 14 ta partiyadan iborat bo‘ladi. Agar hisob teng (7:7) bo‘lib qolsa, g‘olibni aniqlash uchun qo‘shimcha ravishda tezkor va blis (tay-breyk) partiyalar o‘tkaziladi.

2024-yilgi Singapurda o‘tkazilgan FIDE jahon chempionatida Gukesh Dommaraju va Ding Liren o‘zaro bahs olib borgan. Unda yakuniy hisob Gukesh 7.5 ochko Ding Liren 6.5 ochko jamg‘argan. Oxirgi (14) partiyada Gukesh g‘alaba qozonib, jahon chempioni bo‘lgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish