Amerikalik senatorlarga o‘zbek yakkakurashi turi – turon namoyish etildi
May 05, 2026. 10:25 • 2 daq
• 245
VASHINGTON, 5-may. /“Dunyo” AA/. Xalqaro “Turon” federatsiyasi (International Turon Federation) prezidenti, vatandoshimiz Farrux Niyozimbetov AQSHdagi Kapitoliy binosida o‘zbek milliy yakkakurashi turi – turonni xalqaro maydonda targ‘ib qilish bo‘yicha o‘z tashabbuslarini namoyish qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Taqdimot Vashingtonda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo–Amerika va Tinch okeani hamjamiyati yetakchilari sammiti (AAPI Leaders Summit – AQSH jamoat tashkilotlari, ishbilarmon va siyosiy doiralari o‘rtasidagi hamkorlik platformasi) doirasida bo‘lib o‘tdi.
Sammit doirasida AQSH senatorlari, jumladan, Nyu-York, Illinoys, Gavayi va Nyu-Jersi shtatlari senatorlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida AQSHda turon kurashini ommalashtirish, sport diplomatiyasini rivojlantirish, qo‘shma madaniy va yoshlar loyihalarini amalga oshirish hamda hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Senatorlar tegishli tashkilotlar bilan muntazam ishchi aloqalarni davom ettirish, diplomatiya va madaniy almashinuv sohasida qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish, yoshlar dasturlari bo‘yicha hamkorlik qilish va AQSHdagi hamkorlik tarmog‘ini kengaytirish orqali sport turlarini ommalashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Nyu-York shahrida O‘zbekiston Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Turon xalqaro federatsiyasi ushbu sport turini AQSH va boshqa davlatlarda ommalashtirish bo‘yicha izchil ish olib bormoqda.
Qayd etilishicha, qator davlatlarda turonga ixtisoslashgan federatsiyalar shakllanmoqda. Bu borada joriy yilda Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan turon bo‘yicha Jahon kubogi musobaqasi muhim o‘rin tutadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi