Logo

O‘zbek muhojirlari bilan migratsiya qoidalari bo‘yicha suhbat o‘tkazildi

May 05, 2026. 09:55 • 2 daq

437
O‘zbek muhojirlari bilan migratsiya qoidalari bo‘yicha suhbat o‘tkazildi
O‘zbek muhojirlari bilan migratsiya qoidalari bo‘yicha suhbat o‘tkazildi
O‘zbek muhojirlari bilan migratsiya qoidalari bo‘yicha suhbat o‘tkazildi

OLMAOTA, 5-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi vakillari Olmaota shahrida vaqtincha yashab, mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat davomida hamyurtlar bilan Qozog‘istonning migratsiya tartibi, ro‘yxatdan o‘tish, mehnat faoliyatini tartibga soluvchi qonun normalari hamda ularni buzganlik uchun javobgarlik choralari haqida fikr almashildi. Diplomatlar xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va majburiyatlari haqida maʼlumot berdi.

Muloqot chog‘ida Qozog‘iston hududida qonuniy bo‘lish qoidalariga rioya qilish, ro‘yxatdan o‘tish muddatlariga amal qilish, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish hamda maʼmuriy huquqbuzarliklarning oldini olish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shu bilan birga, muhojirlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, narkotik vositalarning noqonuniy aylanishi oqibatlari tushuntirildi. Giyohvandlikka qarshi salbiy munosabatni shakllantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlari amalga oshirildi.

Fuqarolarni terrorchilik, ekstremistik va radikal guruhlar faoliyatiga jalb etishga qaratilgan turli yot g‘oyalar haqida ham tushuntirishlar berildi. Bu yo‘nalishdagi huquqbuzarliklarning salbiy oqibatlari, belgilari, shaxsiy xavfsizlik choralari, shuningdek, qonunchilikka rioya qilish va noqonuniy tashkilotlarda ishtirok etmaslik zarurligi tushuntirildi.

Tadbirlar doirasida O‘zbekiston fuqarolari bilan ish joylarida profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Ularga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilib, murojaatlari ko‘rib chiqildi hamda yashash va mehnat faoliyatiga oid amaliy tavsiyalar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish