Navoiy viloyatida Pokiston texnologiyasi asosida qorako‘l terisidan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi
May 06, 2026. 19:38 • 2 daq
• 24KARACHI, 6-may. /“Dunyo” AA/. Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov va O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Karachi shahriga amaliy safari davomida Pokiston Terichilar assotsiatsiyasi raisi Hamid Arshad Zahur bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Pokiston savdo-iqtisodiy hamkorligini kengaytirish, ayniqsa charm sanoatidagi mavjud salohiyatni aniq investitsiya loyihalari va sanoat kooperatsiyasiga aylantirish masalalari muhokama qilindi.
Pokiston bugungi kunda jahon charm mahsulotlari bozorida yetakchi o‘rinlardan birini egallab, ayniqsa tayyor poyabzal, charm kiyimlar va aksessuarlar ishlab chiqarish bo‘yicha katta tajriba to‘plagan. Navoiy viloyati esa xomashyo zaxiralari, qulay geografik joylashuvi va transport-logistika imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Bu ikki omilning uyg‘unligi o‘zaro manfaatli sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Maʼlum qilinishicha, Navoiy viloyatida 536,4 ming bosh yirik shoxli qoramol, 2,6 million bosh qo‘y va echki parvarishlanadi. Shuningdek, har yili 330 mingdan ortiq qorako‘l terisi yetishtiriladi. Bu ko‘rsatkichlar hududda teri va charm mahsulotlarini sanoat miqyosida qayta ishlash, qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi.
Muzokaralar jarayonida qator amaliy tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, teri xomashyosini yig‘ish, saqlash va saralashning yagona tizimini yaratish, xalqaro ekologik standartlarga javob beradigan zamonaviy qayta ishlash korxonalarini tashkil etish, yuqori sifatli tayyor charm mahsulotlari — poyabzal, ishchi qo‘lqoplar, sumkalar va turli xil charm-galantereya buyumlarini ishlab chiqarish kabi takliflar ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, qorako‘l terisidan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlari ham eʼtibor markazida bo‘ldi.
Uchrashuvda soha xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Pokiston tomoni o‘z mutaxassislarini jalb qilgan holda o‘quv dasturlarini tashkil etish, texnologiya va tajriba almashish orqali mahalliy kadrlarning salohiyatini oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
Suhbat yakunida hamkorlikni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi. Jumladan, xomashyo zanjirini chuqur o‘rganish maqsadida texnik audit o‘tkazish, pilot loyiha sifatida zamonaviy qayta ishlash va tayyorlash markazini tashkil etish, xalqaro bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatini shakllantirish hamda pokistonlik mutaxassislarning Navoiy viloyatiga amaliy tashrifini uyushtirish rejalashtirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



