Latviyaga tashrif buyuradigan uchinchi davlat fuqarolari uchun avvaldan xabardor qilish tartibi joriy etilmoqda
Avgust 30, 2025. 13:48 • 2 daq
• 309
RIGA, 30-avgust. /"Dunyo" AA/. Latviya Imigratsiya to'g'risidagi qonuniga o'zgartishlar kiritildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Yangi tartibga ko'ra, shu yil 1-sentyabr sanasidan boshlab Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari tomonidan berilgan shengen vizasi yoki yashasha guvohnomasi bilan Latviyaga tashrif buyuradigan uchinchi davlat fuqarolari, jumladan, O'zbekiston fuqarolari uchun avvaldan xabardor qilish tartibi joriy etilmoqda.
Unga ko'ra, Latviya tomonidan rasmiylashtirilgan viza yoki yashash guvohnomasi ega bo'lmagan uchinchi davlat fuqarolari Latviyaga safar qilishlaridan kamida 48 soat avval "eta.gov.lv" sayti orqali o'zlari haqida tegishli ma'lumotlarni taqdim etishlari lozim. Bu majburiyat Latviya orqali tranzit harakatlanuvchi shaxslarga ham tadbiq etiladi.
Latviyaga tashrif buyuruvchi shaxs shaxsan o'zi "eta.gov.lv" sayti orqali so'ralgan ma'lumotlarni taqdim etadi hamda tegishli tasdiq elektron manziliga kelib tushishini kutishi lozim.
Latviya Ichki ishlar vazirligi rasmiy saytida e'lon qilingan ma'lumotga ko'ra, taqdim etilishi lozim bo'lgan ma'lumotlar sirasiga quyidagilar kiradi:
-safar (kirish) maqsadi;
-rejalashtirilgan turish vaqti va joyi;
-safar yo'nalishi;
-aloqa ma'lumotlari;
-shaxs yoki uning qarindoshi egallab turgan saylanadigan lavozimlarda faoliyat yuritishi;
-saylovda nomzod sifatida qatnashganligi;
-davlat yoki mahalliy hokimiyat organlarida amaldorlik (hozirgi yoki sobiq) maqomi;
-Qurolli kuchlar, maxsus xizmatlar, chegara qo'shinlari, bojxona, ichki ishlar, adliya yoki tashqi ishlar (shu jumladan diplomatik) xizmatlarda faoliyat olib borganlik haqidagi ma'lumotlar.
Latviya Ichki ishlar vazirligi ma'lumotiga ko'ra, agar xorijlik ushbu ma'lumotlarni taqdim etmasa yoki noto'g'ri/to'liq bo'lmagan ma'lumot bersa, ma'muriy javobgarlikka tortiladi.
Yangi kirish tartibi diplomatik immunitetga ega shaxslarga, rasmiy vazifalarni bajarish yoki texnik qo'llab-quvvatlash maqsadida qisqa muddatga Latviyaga kelayotgan shaxslarga taalluqli emas.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Bokuda qiyin ahvolga tushib qolgan yurtdoshimiz vatanga qaytarildi
Sankt-Peterburgda vatandoshlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha memorandum imzolandi