Rossiyaning Kemerovo shahri va Kemerovo viloyatida vaqtincha ishlayotgan hamyurtlarimiz holidan xabar olindi
May 31, 2025. 14:07 • 2 daq
• 76
KEMEROVO, 31-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Rossiyaning Kemerovo shahri va Kemerovo viloyatiga safari davomida ushbu hududda vaqtincha ishlayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo"AA muxbiri.
Unda hozirgi kunda Sibir federal okrugidagi Sibir madaniyat majmuasi qurilishida 1900 nafar vatandoshimiz mehnat qilayotgani ma'lum qilindi. Ularning ta'kidlashicha, ish beruvchi tomonidan xavfsiz va qulay mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ishchilarga o'z vaqtida ish haqi to'lanadi, kuniga uch mahal bepul ovqat beriladi, yotoqxona bilan ta'minlanadi, tibbiy sug'urta ham ish beruvchi hisobidan amalga oshiriladi. Rossiya hududida ishlash uchun taqdim etiladigan patentni rasmiylashtirish bilan bog'liq barcha jarayonlar korxona zimmasida.
Bo'lib o'tgan muloqot davomida ushbu hududda mehnat qilayotgan fuqarolarimiz tomonidan shu paytgacha qabul qiluvchi mamlakatning migratsiya qonunchiligini buzish holatlari kuzatilmagani alohida qayd etildi. Shuningdek, vatandoshlarimizga ularning huquq va manfaatlari poymol etilgan hollarda Bosh konsulxonaga zudlik bilan murojaat qilish zarurligi ta'kidlandi.
O'zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari safar davomida, Kemerovo viloyatining Leninsk-Kuzneskiy shahridagi umumiy ovqatlanish sohasida ishlayotgan hamyurtlarimiz holidan ham xabar oldilar. Uchrashuv davomida Bosh konsulxona faoliyatining asosiy yo'nalishlari, vatandoshlarga ko'rsatilayotgan konsullik-xizmatlari va mehnat migrantlari bo'lgan hamyurtlarimizning haq-huquqlarini munosib himoya qilish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar, madaniy-ma'rifiy, sport va milliy bayramlarimizga bag'ishlab o'tkazilayotgan tadbirlar haqida batafsil so'zlab berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Xorvatiya va Serbiyada bo‘lib turgan yoki ketayotgan O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga!
Bokuda qiyin ahvolga tushib qolgan yurtdoshimiz vatanga qaytarildi