Vladivostokda og‘ir ahvolda qolgan o‘zbekistonlik oila vataniga qaytarildi

Iyul 08, 2026. 21:30 • 2 daq

74
Vladivostokda og‘ir ahvolda qolgan o‘zbekistonlik oila vataniga qaytarildi

VLADIVOSTOK, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. Xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasiga ushbu hududda vaqtincha bo‘lib turgan vatandoshimiz M.R. murojaat qildi. U o‘z murojaatida 2023-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan farzandi bilan birgalikda mablag‘siz va boshpanasiz og‘ir ahvolda qolganini bildirgan. Hamyurtimiz O‘zbekistonga qaytib ketish uchun davlat tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.

Bosh konsulxona xodimlari tomonidan aniqlanishicha, fuqaro 2025-yilda Rossiyaning Primorsk o‘lkasiga turmush o‘rtog‘ining yoniga kelgan. Joriy yilning iyun oyida turmush o‘rtog‘i noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullangani sababli ichki ishlar idoralari tomonidan qo‘lga olinib, sud qarori bilan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. Oila boshlig‘isiz qolgan ayolning ishlab topayotgan mablag‘i vaqtinchalik turar joy, oziq-ovqat hamda yosh bolaning zarur ehtiyojlarini qoplashga yetmagan va ular moliyaviy inqirozga duch kelgan.

Yuzaga kelgan vaziyatni tezkorlik bilan hal etish hamda og‘ir ahvoldagi oilaga ko‘maklashish maqsadida Bosh konsulxona tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi. Migratsiya agentligi huzuridagi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan oila nomi bilan “Vladivostok–Toshkent” yo‘nalishidagi aviareysga bepul aviachiptalar rasmiylashtirib berildi.

Vatandoshlarimiz Bosh konsulxona xodimlari kuzatuvi ostida Vladivostok xalqaro aeroportidan O‘zbekistonga sog‘-salomat qaytarildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish