Logo

O'zbekistonda sayyohlik rekordi yangilanmoqda – iyun oyida yurtimizga xorijdan 1,1 millionga yaqin sayyoh keldi

Iyul 11, 2025. 18:31 • 55 soniya

80
O'zbekistonda sayyohlik rekordi yangilanmoqda – iyun oyida yurtimizga xorijdan 1,1 millionga yaqin sayyoh keldi

TOSHKENT, 11-iyul. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning aprel-iyun oylarida O'zbekistonga xorijdan uch milliondan ziyod sayyoh keldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Turizm qo'mitasi ma'lumotiga ko'ra, O'zbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimi har oyda barqaror ravishda bir million kishidan oshgan. Bu nafaqat mamlakatimizga bo'lgan qiziqishni tasdiqlovchi tarixiy natija, balki turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini ko'rsatuvchi dalildir.

2024-yilning shu davriga nisbatan xorijlik sayyohlar soni qariyb 20 foizga ko'paygani soha uchun katta yutuq hisoblanadi. 2025 yil aprelda O'zbekiston birinchi marta bir oy davomida 1 milliondan ortiq xorijlik sayyohni qabul qildi, may oyida esa yangi rekord o'rnatildi – 1,1 million sayyoh. Iyun oyida 1,1 millionga yaqin sayyoh yurtimizga keldi.

Mamlakatimiz imijini oshirish, vizasiz rejimni kengaytirish, sohaga sarmoyalar jalb qilish hamda xalqaro sayyohlik ko'rgazmalari va forumlarda faol ishtirok etish borasidagi sa'y-harakatlar tufayli o'sish sur'ati davom etmoqda.

Oldinda yana-da ulkan vazifalar kutmoqda. Istiqbolda xalqaro standartlarga mos keladigan sayyohlik xizmatlari doirasini kengaytirish ko'zda tutilgan. Global bozorda tobora ommalashib borayotgan ekologik va barqaror turizmni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish