Budapesht shahrida TDT va Vengriya o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi
Noyabr 27, 2026. 10:00 • 2 daq
• 59BUDAPЕSHT, 27-noyabr. /“Dunyo” AA/. Budapesht shahrida Vengriya va Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TDTning Vengriyadagi vakolatxonasi hamda Qurg‘oqchilikning oldini olish instituti ishtirokida tashkil etilgan tadbirda davlat organlari, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar, ishbilarmon va ekspert doiralari vakillari qatnashdi.
O‘zbekiston nomidan TIV huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi direktori o‘rinbosari Valijon Hoshimov ishtirok etdi. U mamlakatimizning TDT doirasidagi ustuvor yo‘nalishlari, Anqara sammitida erishilgan kelishuvlarning ijrosi, O‘rta yo‘lakni rivojlantirish, qo‘shma investitsiyaviy va sanoat loyihalarini ilgari surish haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ishtirokchilar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, energetika, suv resurslari va barqaror rivojlanish sohalarida hamkorlik qilish istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Turkiy investitsiya jamg‘armasining o‘rni va Vengriyaning qo‘shma tashabbuslarda ishtirok etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Vengriya va TDTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashdan, turkiy dunyoning Yevropa makoni bilan o‘zaro hamkorligini rivojlantirishda ushbu mamlakat salohiyatidan foydalanishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


