“Argumenti i Fakti”: Astraxan viloyati va O‘zbekiston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
Noyabr 27, 2026. 09:30 • 2 daq
• 127
MOSKVA, 27-noyabr. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning “Argumenti i Fakti” nashrida Astraxan viloyati va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar rivoji hamda yangi hamkorlik loyihalariga bag‘ishlangan “Astraxan va O‘zbekiston yangi savdo ittifoqini qanday qurmoqda” sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Astraxan viloyati Tashqi aloqalar vazirligi ma’lumotiga tayanib qayd etilishicha, 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, hududning O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmi ikki baravarga o‘sgan. Eksport 53 foizga, import esa uch baravarga oshgan. Viloyat O‘zbekistonga baliq, go‘sht, sabzavot va ularni qayta ishlash mahsulotlarini, xususan, yiliga 400 tonnaga yaqin baliq mahsulotlarini yetkazib bermoqda. Joriy yilda sovutilgan qo‘y go‘shti eksporti yo‘lga qo‘yildi, shuningdek, sabzi, kartoshka va qovoqcha jo‘natilmoqda. O‘zbekistondan esa to‘qimachilik mahsulotlari, mavsumiy meva-sabzavotlar va yong‘oqlar import qilinmoqda.
Viloyat tashqi aloqalar vaziri Vladimir Golovkovning ma’lum qilishicha, 2026-yil 17-dekabrdan Astraxan va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yish kutilmoqda. Ushbu yo‘nalish ishbilarmonlik, gastronomik va ta’lim almashinuvlarini rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Xorazm viloyati bilan “Astraxan – Urganch” to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareysini ochish masalasi muhokama qilinmoqda.
Bundan tashqari, Astraxanda O‘zbekiston Savdo uyini ochish loyihasi ustida ish olib borilmoqda.
Vladimir Golovkovning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa nafaqat o‘zbek tovarlari uchun tranzit hududi, balki Rossiya – O‘zbekiston sherikligining muhim maydoniga aylanishga intilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi