O‘zbekiston qurilish materiallari Dubaydagi xalqaro ko‘rgazmada namoyish qilindi

Noyabr 27, 2026. 08:10 • 2 daq

• 44
O‘zbekiston qurilish materiallari Dubaydagi xalqaro ko‘rgazmada namoyish qilindi
O‘zbekiston qurilish materiallari Dubaydagi xalqaro ko‘rgazmada namoyish qilindi
O‘zbekiston qurilish materiallari Dubaydagi xalqaro ko‘rgazmada namoyish qilindi

DUBAY, 27-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz sanoat korxonalari vakillari Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan “Global loyihalar katta beshligi – 2026” xalqaro qurilish ko‘rgazmasida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

1980-yildan buyon an’anaviy tarzda tashkil etilayotgan mazkur nufuzli “The Big 5 Global” ko‘rgazmasiga bu yil 65 mingdan ortiq mehmon kelgani ma’lum qilindi. Unda 150 dan ziyod mamlakatdan 1,8 mingdan ortiq kompaniya qatnashdi.

O‘zbekiston korxonalari ko‘rgazmada yog‘och-polimer kompozit asosidagi fasad va pol qoplamalari, granit, marmar va oniksdan tayyorlangan qurilish hamda pardozlash materiallarini namoyish etdi. Ushbu mahsulotlar BAAning yirik qurilish va developerlik kompaniyalarida katta qiziqish uyg‘otdi.

B2B shaklidagi muzokaralar davomida “Terracce” kompaniyasi bilan Abu-Dabi, Dubay va Fujayradagi turar joy qurilishi loyihalari uchun yog‘och-polimer kompozitdan tayyorlangan fasad va pol qoplamalarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

“Imperial Granite” kompaniyasi “Gulf Contracting and Landscaping”, “Smart Gifts” va “Prime Craft Trading” kompaniyalari bilan qurilish va pardozlash materiallarini yetkazib berish bo‘yicha kelishib oldi.

Shuningdek, “Petrozo Energy” kompaniyasi bilan O‘zbekistonda bitumni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish istiqbollarini o‘rganishga oid bitim tuzildi.

Mazkur xalqaro tadbir mahalliy mahsulotlar eksportini kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda BAA va Yaqin Sharq davlatlari bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish