"Ammon News" gazetasi: O'zbekiston Jahon iqtisodiy forumi tomonidan turizm sohasi eng faol rivojlanayotgan davlat sifatida e'tirof etildi
Yanvar 09, 2025. 09:21 • 2 daq
• 118
AMMON, 9-yanvar. /"Dunyo" AA/. Iordaniyaning "Ammon News" gazetasida "O'zbekiston turizm sohasi 2024-yilda qanday yutuqlarga erishdi?" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda so'nggi yillarda O'zbekiston milliy iqtisodiyotining o'sish omillaridan biri bo'lgan turizm mamlakatning boshqa sohalarini rivojlantirish dvigateliga aylangani e'tirof etiladi.
Qayd etilishicha, davlatimiz tomonidan turizm industriyasi va xizmatlarini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. "O'tgan yilning o'n oyi davomida 18 ta normativ-huquqiy hujjat —Prezidentimizning 3 ta farmoni hamda 6 ta qarori, shuningdek, hukumatning 9 ta qarori qabul qilingani mazkur yo'nalishning muhimligini tasdiqlaydi", - deyiladi maqolada.
Muallifning ta'kidlashicha, mamlakatimizda sohaning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish davom ettirilib, tadbirkorlarga soliq imtiyozlari va preferensiyalar muntazam ravishda taqdim etilmoqda, ichki va tashqi turizm salohiyatini samarali targ'ib qilish uchun sharoitlar yaratilmoqda, viza tartib-taomillari soddalashtirilmoqda hamda qulay turistik muhit yaratilmoqda.
"2024-yilda O'zbekistonga 8,6 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Ko'rsatilgan xizmatlar hajmi 2,7 milliard AQSh dollarini tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 1,5 barobar oshdi. Yevropa va boshqa mintaqalardan kelgan sayyohlarning o'rtacha xarajatlari 2022-yilga nisbatan 1,5 barobarga o'sdi", - deb yozadi muallif.
Qayd etilishicha, o'tgan yili O'zbekiston 16 mamlakatda o'tkazilgan 18 ta xalqaro ko'rgazmada ishtirok etdi. Madaniy va ko'rgazma tadbirlari Xitoy, Eron, Buyuk Britaniya, Malayziya va Rossiya kabi 12 ta mamlakatda o'tkazildi.
"O'zbekiston Jahon iqtisodiy forumi tomonidan turizm sohasi eng faol rivojlanayotgan davlat sifatida e'tirof etildi. Londonda bo'lib o'tgan marosimda mamlakat "Eng yaxshi rivojlanayotgan sayyohlik maskani" nominatsiyasida "Wanderlust Reader Travel Awards 2024" mukofotiga sazovor bo'ldi", – deb yozadi "Ammon News" gazetasi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi