Logo

Janubiy Koreyadagi xalqaro ko'rgazmada O'zbekiston turizm salohiyati namoyish etildi

Oktabr 04, 2024. 11:44 • 3 daq

202
Janubiy Koreyadagi xalqaro ko'rgazmada O'zbekiston turizm salohiyati namoyish etildi

SEUL, 4-oktabr. /"Dunyo" AA/. Koreya Respublikasining xorijiy sayyohlar orasida mashhur Pusan shahrida "Busan International Travel Fair 2024" (BITF-2024) xalqaro yirik sayyohlik ko'rgazmasi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Janubiy Koreyaning yetakchi turizm kompaniyalari, sayyohlik sohasi bilan bog'liq turli sanoat tashkilotlari, aviakompaniyalar va xorijiy davlatlar delegatsiyalari ishtirok etdi.

Ko'rgazma maydoniga mamlakatimizning Janubiy Koreyadagi elchixonasi tomonidan O'zbekiston stendi o'rnatildi. Respublikamizning turizm salohiyati, tarixi, madaniyati ruhida bezatilgan stendda koreys tilida tayyorlangan turli ma'lumotlar, broshyuralar, videomateriallar joylashtirildi. Qolaversa, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlari salohiyatiga bag'ishlangan alohida burchak tashkil etildi. Unda hududda xorijiy sayyohlar uchun ekoturizm, oilaviy turizm va boshqa yo'nalishlarda mavjud imkoniyatlar namoyish etildi.

Bundan tashqari, elchixona va xorijiy ishtirokchilar o'rtasida turistik guruhlarning mamlakatimizga safarini tashkil etish masalalari muhokama etildi. Shu bilan birga, xorijlik jurnalistlarga 21-23 noyabr kunlari O'zbekistonda "Ipak yo'lida turizm – 2024" Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi bo'lib o'tishi ma'lum qilindi.

Uch kun davom etgan mazkur ko'rgazmaga kelgan 10 mingdan ortiq mehmonlar mamlakatimizning sayyohlik salohiyati, mavjud turizm yo'nalishlari, yaratilayotgan imkoniyatlar va qulayliklar bo'yicha to'liq ma'lumotlarga ega bo'lishdi. Xususan, Janubiy Koreya fuqarolari uchun vizasiz kirish, Koreya Respublikasi va O'zbekiston shaharlari o'rtasida yo'lga qo'yilgan aviaqatnovlar to'g'risida batafsil bilib oldilar.

Pusan sayyohlik uyushmasi raisi, Pukyong milliy universiteti professori Sul Xun Ku mazkur oliy bilim yurtida ko'plab xorijlik talabalar turizm sohasida tahsil olayotgani, jumladan, bir guruh o'zbekistonlik yoshlar bakalavr va magistratura bosqichlarida bilimlarini oshirayotganini ta'kidladi.

– O'zbekiston tomonidan tashkil qilgan milliy stend ko'rgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uyg'otdi, – dedi u. – Men O'zbekiston, uning tarixiy obidalari, Samarqand shahri haqida juda ko'p eshitganman. Dunyoga mashhur ushbu obidalarni o'z ko'zim bilan ko'rish uchun keyingi yil O'zbekistonga safar qilishni rejalashtiryapman.

– Mamlakatingiz go'zal maskanlari va tarixiy obidalari tasvirlangan, milliy matolar va atributlar bilan bezatilgan stend menda katta taassurot uyg'otdi. Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz kabi shaharlarning diqqatga sazovor joylari haqidagi ma'lumotlar va suratlarni o'z ichiga olgan albomlar, buklet va nashrlar, shuningdek, xalq badiiy hunarmandligi va amaliy san'ati mahsulotlari, turfa suvenirlar – O'zbekiston turizm salohiyati nechog'lik boy ekanligidan guvohlik bermoqda, – dedi Pusan shahri moda almashinuvi uyushmasi rahbari Yu Mi Na.

– "Busan International Travel Fair 2024" O'zbekiston milliy stendini ko'rib turganimdan juda xursandmiz, – dedi malayziyalik bir guruh talabalar. – O'zbekistondan kelib Janubiy Koreyada ta'lim olayotgan do'stlarimiz bilan ko'p bora mamlakatingiz madaniyati, milliy taomlari, kiyim-kechaklari va urf-odatlari haqida suhbatlashganmiz. Bizning O'zbekistonga bo'lgan qiziqishimiz tobora ortib bormoqda. O'zbek milliy san'ati, kuy-qo'shiqlari va taomlari bizga juda yoqadi. Kelgusida, albatta O'zbekistonga borib, yurtingiz madaniyati va sayyohlik imkoniyatlari bilan malayziyalik tengdoshlarimizni tanishtirmoqchimiz.

"Busan International Travel Fair 2024" (BITF-2024) xalqaro sayyohlik ko'rgazmasi Janubiy Koreyada o'tkaziladigan global turizm resurslari va mahsulotlarini targ'ib qilish va turizm iste'molini rag'batlantirish uchun muhim almashinuv va savdo maydonchasi hisoblanadi. Ko'rgazmada turistik ko'chmas mulk, turistik tovarlar, maxsus shaharlar, intellektual turizm, sport turizmi, tibbiy turizm kabi yo'nalishlardagi loyihalar namoyish etiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish