Logo

Kuala-Lumpur shahrida O'zbekiston sayyohlik imkoniyatlariga bag'ishlangan seminar tashkil etildi

Avgust 15, 2024. 11:07 • 3 daq

107
Kuala-Lumpur shahrida O'zbekiston sayyohlik imkoniyatlariga bag'ishlangan seminar tashkil etildi

KUALA-LUMPUR, 15-avgust. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Malayziyaning yetakchi "Suka Travel & Tours" turkompaniyasi bilan birgalikda "Wisma New Asia" biznes markazida "O'zbekiston bo'ylab sayohat" mavzusida biznes-seminar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Malayziya turizm kompaniyalari va turoperatorlari assotsiatsiyasi, "Uzbekistan Airways" aviakompaniyaning Kuala-Lumpurdagi vakolatxonasi vakillari, O'zbekistonning "Orient Mice" turkompaniyasi rahbariyati hamda malayziyaliklarni xorijiy mamlakatlarga sayohatga yuborish faoliyati bilan shug'ullanuvchi 40 dan ortiq mahalliy kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Anjuman doirasida O'zbekistonda turizm sohasida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, turizmni jadal rivojlantirish va sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma'lumot berildi.

Jumladan, O'zbekistonda viza rejimi soddalashtirilishi natijasida 90 dan ortiq xorijiy davlatlar, jumladan Malayziya fuqarolari uchun respublikaga vizasiz kirish tartibi amal qilayotgani alohida ta'kidlandi.

Ikki mamlakat o'rtasida "Uzbekistan Airways" AJning to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlari yo'lga qo'yilgani hamda aviakompaniya tomonidan yo'lovchilarga ko'rsatilayotgan xizmatlar xususida aytib o'tildi.

Ishtirokchilar Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrining tarixiy sayyohlik markazlari, boy madaniyati, betakror arxitekturasi va san'ati, milliy an'analari bilan yaqindan tanishdilar.

Xususan, Malayziya turkompaniya vakillariga "ziyorat turizm", "tarixiy-madaniy turizm", "gastronomik turizm", "Umra+", "qishki turizm" kabi jozibador sayyohlik dasturlari taqdim qilindi.

Shuningdek, "Suka Travel & Tours" kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan O'zbekiston turpaketlarini Malayziya bozorida keng targ'ib qilish bo'yicha uslubiy qo'llanma tarqatildi.

Ta'kidlash joizki, mazkur kompaniya BAA, Vyetnam, Yevropa mamlakatlari, Janubiy Afrika, Indoneziya, Koreya Respublikasi, Pokiston, Saudiya Arabstoni, Tailand, Tojikiston, Turkiya, Xitoy, Yaponiya, Qirg'iziston, Qozog'iston, Hindiston hamda O'zbekiston yo'nalishlaridagi turpaketlarning ulgurji savdosi bilan shug'ullanadi. Kompaniyaning maxsus veb-portaliga 440 dan ortiq mahalliy turoperatorlar a'zo bo'lib, ularning barchasi O'zbekiston turpaketlarini xarid qilish imkoniyatiga ega.

O'zbek gastronomik turizm salohiyatini namoyish qilish maqsadida tadbir doirasida milliy taomlar tayyorlandi va mehmonlarga ulashildi.

Tadbir yakunida mahalliy sayyohlik kompaniyalari bilan Malayziyada O'zbekiston turpaketlarining sotuvini amalga oshirish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirishga kelishib olindi.

Adam Kamal, "Suka Travel & Tours" kompaniyasi direktori:

— Kompaniyamizning maxsus veb-sayti orqali mahalliy turoperatorlar orasida O'zbekiston turpaketlari keng sotuvga yo'lga qo'yilgan.

Turpaketlarni xarid qilgan malayziyaliklar Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrining tarixiy va madaniy turizm salohiyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo'layotir.

Joriy yil bahor mavsumida kompaniyamiz vakillari sayyohlik guruhlari tarkibida mamlakatingizga bir necha bor bo'ldi. Mamlakatingizning boy madaniy merosi, tarixiy shaharlari va ziyoratgohlari, o'zbek xalqining mehmondo'stligi sayyohlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, O'zbekistonda ziyoratchi sayyohlar uchun yaratilgan qulayliklar bizni juda ham quvontirdi.

Malayziyada O'zbekiston turizm salohiyatini keng targ'ib qilish uchun kompaniyaning har 6 oyda malay tilida 10 ming nusxada chop etiladigan "Suka Kembara" sayyohlik jurnalida O'zbekistonga bag'ishlangan paketlar haqida ma'lumot joylashtirib boryapmiz.

Joriy yilning 6-8-sentyabr kunlari Kuala-Lumpur shahrida o'tkaziladigan eng yirik "Matta Fair" xalqaro sayyohlik ko'rgazmasida ishtirok etib, mamlakatingizga yanada ko'proq sayyohlarni jo'natishni rejalashtiryapmiz.

Nurul Husna, "Laksana Sutera Travle & Tours" kompaniyasi ijrochi direktori:

— O'zbek xalqining nihoyatda boy madaniyati, tarixi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshbandiy kabi buyuk ulamolar yurti haqidagi taqdimotlar musulmon aholisi orasida katta qiziqish uyg'otmoqda.

Joriy yilda O'zbekistonga malayziyalik sayyohlar guruhlarini jo'natish bo'yicha bir qator ishlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Yaqin oylarda Malayziyaning Negeri Sembilan shtatidan O'zbekistonga sayyohlarni yuboramiz.

Toshkent va Kuala-Lumpur shaharlarini bog'lab turuvchi haftasiga to'rt marotaba amalga oshirilayotgan to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlar turfirmalarga qulaylik yaratmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish