Logo

Malayziyada O'zbekiston turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi

Avgust 26, 2025. 14:21 • 2 daq

70
Malayziyada O'zbekiston turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi

KUALA-LUMPUR, 26-avgust. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Malayziyadagi "WITEX" Butunjahon ziyorat turizmi va savdo ko'rgazmasi doirasida o'tkazilgan turizm vazirlari i yetakchilari ishtirokidagi anjumanda O'zbekiston turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Anjumanda 15 dan ortiq xorijiy mamlakatlarning turizm bo'yicha delegatsiyalari qatnashdi. Unda har bir mamlakat ziyorat turizmni rivojlantirish va musulmon sayyohlar uchun qulayliklar yaratish bo'yicha davlat organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida so'zlab berdi. Shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan ushbu sohada tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev mamlakatimizning ziyorat turizmi salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazdi. Ishtirokchilarga respublika iqtisodiyotida turizmni strategik darajaga ko'tarish, zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini jadal rivojlantirish, turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish, sifatini yaxshilash va jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish hamda respublika ziyorat turizmi salohiyatini xorijda keng targ'ib qilish bo'yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar haqida ma'lumot berildi.

Oxirgi yillarda viza rejimi soddalashtirilishi natijasida 93 dan ortiq xorijiy davlatlar, jumladan Malayziya fuqarolari uchun respublikaga vizasiz kirish tartibi amal qilayotgani alohida ta'kidlab o'tildi.

Respublikada fuqarolarning huquq va erkinliklari qatori e'tiqod erkinligini ta'minlashga ham alohida e'tibor qaratilayotgani urg'ulandi. Bugungi kunda Toshkent va Kuala-Lumpur shaharlari o'rtasida "Uzbekistan Airways" va "Batik Air Malaysia" aviakompaniyalarining to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlari ikki mamlakat o'rtasidagi sayyohlar oqimi ko'payishiga, ishbilarmon doira vakillarining hamkorlik aloqalari rivojlanishiga, mahsulotlari eksporti oshishiga o'z hissasini qo'shayotgani ta'kidlandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish