Logo

Bruklinda O'zbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimoti: madaniyatlar ko'prigi va yangi imkoniyatlar

May 04, 2025. 02:44 • 2 daq

79
Bruklinda O'zbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimoti: madaniyatlar ko'prigi va yangi imkoniyatlar

NYU-YORK, 4-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Bosh konsulxonasi ko'magida "World Network" tashkiloti tomonidan Nyu-Yorkning eng ko'p millatli hududlaridan biri – Bruklin shahrida O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga oid taqdimot o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda sayyohlik kompaniyalari, ommaviy axborot vositalari vakillari, jamoat arboblari va mahalliy aholi qatnashdi.

Taqdimotdan ko'zlangan maqsad O'zbekistonni tarix, madaniyat va zamonaviy taraqqiyot uyg'unlashgan Markaziy Osiyodagi eng istiqbolli sayyohlik yo'nalishlaridan biri sifatida ommalashtirishdan iborat bo'ldi.

Ishtirokchilarga qadimiy shaharlarimizga bag'ishlangan videoroliklar namoyish etildi. Yurtimiz haqidagi fotoko'rgazma tashkil etildi.

"World Network" asoschisi Mukkaramxon Igamberdiyeva o'z chiqishida, kompaniyaning asosiy vazifasi mamlakatlar o'rtasida madaniy va ishbilarmonlik ko'priklarini yaratish, o'zaro hamjihatlik va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ekanini ta'kidladi.

Taqdimot Nyu-York jamoatchiligida katta qiziqish uyg'otdi. Amerika Qo'shma Shtatlarining sayyohlik kompaniyalari hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirishdi. Madaniy tashkilotlar vakillari esa tadbirga yuqori darajada tayyorgarlik ko'rilgani hamda O'zbekistonning qulaylik, xavfsizlik va madaniy boylikni o'zida mujassamlashtirgan joy sifatidagi o'ziga xos jozibadorligini qayd etishdi.

Dasturning madaniy qismi yig'ilganlarning alohida e'tiborni tortdi. Mehmonlar milliy o'zbek raqslari jozibasidan bahramand bo'ldilar. Shuningdek, ularga o'zbek milliy taomlari, jumladan, palov, somsa va turli shirinliklardan tatib ko'rish imkoniyati taqdim etildi.

Tadbir nafaqat turizm sohasida hamkorlikni yo'lga qo'yishning samarali platformasi, balki o'zbek diasporasining o'z ona yurtini xorijda tanitishga qo'shgan hissasining yana bir yorqin namunasi bo'ldi. "World Network" tomonidan tashkil etilgan taqdimot, shuningdek, O'zbekiston nafaqat qadimiy sivilizatsiyalar markazi, balki butun dunyodan sayyohlarni qabul qilishga tayyor, zamonaviy, mehmondo'st davlat ekanligini yana bir karra tasdiqladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish