O'zbekiston turizm brendi elchisi: O'zbekiston ziyorat turizmini rivojlantirishda katta yutuqlarga erishmoqda
Mart 11, 2025. 14:20 • 3 daq
• 128
JAKARTA, 11-mart. /"Dunyo" AA/. Indoneziyaning Gudadarma universitetida "Indoneziyadan Samarqand sari: Ipak yo'lida madaniy va turizm aloqalarini rivojlantirish" mavzusida davra suhbati o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Anjumanda "Ipak yo'li" turizm va madaniy meros xalqaro universiteti professor-o'qituvchilari, mazkur oliy ta'lim muassasasi rektori – O'zbekiston turizm brendi elchisi Eko Shri Margianti, Indoneziyaning yetakchi ekspertlari, olimlari, ta'lim muassasalari va turizm tashkilotlari vakillari, mahalliy ommaviy-axborot vositalari xodimlari, san'at va madaniyat namoyondalari ishtirok etdi.
Davra suhbati doirasida Ipak yo'li bo'ylab madaniy almashinuv, madaniy merosni asrab-avaylash, turizm va ilmiy tadqiqotlar sohasida yangi kadrlar tayyorlashning dolzarb masalalari, xalqaro aloqalarni mustahkamlashda ta'lim dasturlarining roli hamda turizmni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Indoneziya vakillari O'zbekistonda turizm yo'nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar, yurtimizning muqaddas qadamjolari, zamonaviy qiyofasi, go'zal va betakror tabiati, o'zbek xalqining mehmondo'stlik madaniyati, urf-odat va an'analari bilan yaqindan tanishtirdilar.
Tadbirda so'zga chiqqan ekspertlar madaniy turizm va tarixiy merosni muhofaza qilish yo'nalishida salohiyatli kadrlarni yetishtirish uchun yangi ta'lim dasturlarini ishlab chiqish muhimligini ta'kidladilar. Ipak yo'li bo'ylab madaniy almashinuvlar bo'yicha tadqiqotlarga asoslangan dasturlar tarixni chuqurroq o'rganishga va madaniy xilma-xillikni targ'ib qilishga ko'maklashishi qayd etildi.
Talabalar va o'qituvchilar almashinuvi bo'yicha ta'lim dasturlari turli mamlakatlar madaniy merosini yana-da chuqur o'rganish imkonini berishi qayd etildi. Ta'lim sohasida bu kabi tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish zarurligi ta'kidlandi.
Eko Shri Margianti, O'zbekistonning Indoneziyadagi turizm brendi elchisi:
– Xalqlarning tarixi, madaniyati va an'analarini chuqur anglash orqali mamlakatlar o'rtasida ko'prik qurish mumkin. Turli davlatlarning madaniy muhitini o'rganish imkoniyatini beruvchi ta'lim almashinuvi dasturlari o'zaro hamkorlikni rivojlantirish yo'lida muhim omil bo'lib xizmat qiladi.
Madaniy turizm va tarixiy obidalarni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko'rsatish salohiyatiga ega bo'lgan mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan ta'lim dasturlarini rivojlantirish, zamonaviy onlayn kurslar tashkil etish bugungi kunda oldimizda turgan ustuvor vazifalardan biridir. Turizm industriyasi rivojlanishining muhim elementi turistlar uchun qulay sharoitlar yaratishdan iborat. Shu o'rinda mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirish va xalqaro transport aloqalari tizimini mukammal darajaga olib chiqish alohida o'rin tutadi.
So'nggi yillarda O'zbekiston ziyorat turizmini rivojlantirishda katta yutuqlarga erishmoqda. Albatta, bu kabi ulkan natijalar zamirida mamlakat tarixi, uning o'tmishi va o'zbek xalqining milliy qadriyatlariga bo'lgan alohida e'tibor yotibdi.
O'zbekistonda tarixiy yodgorliklarni tiklash, ko'p asrlik me'morchilik obidalarini saqlab qolish, nodir qo'lyozmalarni restavratsiya qilish hamda madaniy merosni targ'ib qilish bilan bog'liq barcha loyihalar hukumat tomonidan moliyalashtiriladi va davlat miqyosida rag'batlantiriladi.
Turizm sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar asnosida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlar nafaqat musulmon olami sayyohlari balki G'arb mamlakatlari vakillari uchun ham eng jozibali va yo'nalishi bo'lib qolmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi