Logo

Londonda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yoshlari o‘rtasida futbol turniri bo‘lib o‘tdi

May 04, 2026. 21:30 • 2 daq

37
Londonda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yoshlari o‘rtasida futbol turniri bo‘lib o‘tdi

LONDON, 4-may. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniya poytaxtida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yoshlari ishtirokida futbol musobaqasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “London Post” nashriga tayanib.

Nashrda ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyoda, ayniqsa O‘zbekistonda futbol nafaqat ommabop sport turi, balki xalqni birlashtiruvchi, do‘stlik va jamoaviylikni mustahkamlovchi o‘yindir.

Musobaqani o‘tkazish tashabbusi O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi ko‘magida amalga oshirildi. Ushbu turnir Buyuk Britaniyaning turli universitetlarida tahsil olayotgan talabalarni bir joyga to‘pladi. Bellashuvlarda talabalar 12 ta jamoaga bo‘lingan holda bahs olib borishdi.

Yurtimiz jamoasi orasida “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari, O‘zbekiston talabalari ittifoqi (UzSU) hamda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi vakillari ham ishtirok etdi.

Musobaqa qizg‘in kurashlar ostida o‘tib, ishtirokchilar o‘zaro do‘stlik va hurmat muhitini namoyon etdilar. Tadbir nafaqat sport musobaqasi, balki Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yoshlari o‘rtasida muloqot qilish, tajriba almashish va aloqalarni mustahkamlash uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi.

Maqolada o‘zbek futbolining tarixiy yutug‘i – O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatiga yo‘l olgani alohida e’tirof etilgan.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlarga kubok, medallar, sertifikatlar hamda pul mukofotlari topshirildi. Shuningdek, musobaqaning eng yaxshi to‘purari uchun maxsus sovrin ta’sis etildi.

“London Post”ning qayd etishicha, ushbu musobaqa sportning xalqaro aloqalarni mustahkamlash, yoshlar diplomatiyasini rivojlantirish hamda ko‘p millatli muhitda do‘stlik va birdamlik qadriyatlarini ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish