Logo

Buyuk Britaniyaning yirik shaharlariga O'zbekiston karvoni tashrif buyurdi

Iyun 19, 2025. 07:24 • 55 soniya

94
Buyuk Britaniyaning yirik shaharlariga O'zbekiston karvoni tashrif buyurdi

LONDON, 19-iyun. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 5-17-iyun kunlari Angliya, Uels va Shotlandiyaning 6 ta yirik va tarixiy shaharlarida "O'zbekiston karvoni" madaniyat va taomlari safari bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Madaniy tadbir Shotlandiyaning Edinburg shahridan boshlanib, Manchester, Liverpul, Kardiff, Oksford va London kabi yirik shaharlarda ilk bor tashkil etildi.

Mazkur loyiha doirasida mehmonlarga o'zbek milliy taomlari taqdim etildi va yurtimiz muhim sayohat manzili sifatida yaqindan tanishtirildi.

"O'zbekiston karvoni" tashrif buyurgan har bir manzilda xorijliklar tomonidan bayramona kayfiyatda kutib olindi.

O'zbek milliy kuy-qo'shiqlar, boy madaniyatimiz unutilmas taassurot qoldirdi. O'zbek milliy taomlari esa barchaga manzur bo'ldi.

Loyihadan ko'zlangan maqsad O'zbekistonning turistik salohiyatini xalqaro maydonda keng targ'ib qilish, yurtimiz nufuzini oshirish, mamlakatimizga sayyohlar tashrifini ko'paytirish va Buyuk Britaniya jamoatchiligi bilan ikki tomonlama madaniy aloqalarni mustahkamlashdan iborat bo'ldi.

"O'zbekiston karvoni" madaniyat va taomlari safari mamlakatimiz elchixonasi, Turizm qo'mitasi, Londondagi "OshPaz" o'zbek milliy taomlari restorani va mashhur shef-povar Baxriddin Chustiy tomonidan tashkil etildi.

Mazkur madaniy tadbirlar kelgusida O'zbekistonning xalqaro nufuzini yanada oshirib o'zaro madaniy aloqalarni mustahkamlashga ulkan hissa qo'shadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish