Xitoyda O'zbekiston turizm yili tadbirlari bo'lib o'tmoqda
May 20, 2025. 01:04 • 2 daq
• 85
PEKIN, 20-may. /"Dunyo" AA/. Pekin shahrida "Xitoyda O'zbekiston turizm yili" dasturi doirasida mamlakatimiz sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Mamlakatimiz elchixonasi va O'zbekiston Turizm qo'mitasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Xitoyning Madaniyat va turizm vazirligi, yirik sayyohlik kompaniyalari, soha mutaxassislari, madaniyat tashkilotlari, OAV vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga so'nggi yillarda O'zbekistonda sayyohlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy sayyohlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, mamlakatimizning turizm salohiyati va imkoniyatlari haqida batafsil ma'lumot berildi.
Xususan, Toshkent shahri va Jizzax viloyatining turistik jozibadorligiga bag'ishlangan taqdimotlar o'tkazildi. Mamlakatimiz turizmiga bag'ishlangan video roliklar namoyish etildi.
Yig'ilganlar e'tiboriga O'zbekiston san'at ustalari ishtirokida konsert dasturi taqdim qilindi.
Shuningdek, tadbir doirasida V2V uchrashuvlari o'tkazildi, ikki davlat turistik kompaniyalari o'rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Chi Junlin, Xitoy Madaniyat va turizm vazirligi Xalqaro almashinuv va hamkorlik byurosi maslahatchisi:
– Bugun Pekin shahrida O'zbekiston turizm salohiyatiga bag'ishlab o'tkazilgan tadbirda ishtirok etayotganimdan xursandman.
O'zbekiston turizm yili doirasida Xitoyning ko'plab shaharlarida shu kabi taqdimotlar, forumlar, festivallar doimiy o'tkazib kelinmoqda.
Men bir necha yil O'zbekistonda Madaniyat va turizm bo'yicha maslahatchi bo'lib faoliyat yuritdim. Mamlakatingizning Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlarida ko'p marotaba bo'lganman. U yerdagi dunyoga mashhur yodgorliklar, tarixiy obidalar, ziyorat qadamjolari, go'zal inshootlar yurtingizning bebaho boyligidir.
Bugungi tadbirda ishtirok etayotgan Xitoyning ko'plab sayyohlik agentliklari, madaniyat vakillari O'zbekiston turizmi va shu yo'nalishda hamkorlik imkoniyatlari haqida batafsil ma'lumot oldi.
Ishonamanki, turizm va xalqlarimiz o'rtasidagi almashinuv orqali mamlakatlarimizning do'stona aloqalari yanada chuqurlashadi va rivojlanib boradi.
Syun Shanxua, Xalqaro madaniyat va turizmni rivojlantirish kompaniyasi direktori:
– "Xitoyda O'zbekiston turizm yili" dasturi doirasida tashkil etilgan tadbirda qatnashdik.
O'zbekiston va Xitoy tarixan juda yaqin aloqalarga ega mamlakatlar.O'zbekistonda ko'plab madaniy meros obidalari va ajoyib tabiat manzaralari mavjud.
Hozirda ko'plab xitoyliklar mamlakatingizga sayohat qilishni afzal ko'rmoqda. Bu Xitoy va O'zbekiston o'rtasidagi almashinuv uchun ajoyib imkoniyat yaratmoqda.
Joriy yil 1 iyunidan boshlab davlatlarimiz o'rtasida vizasiz rejimning joriy etilishi esa Xitoydan mamlakatingizga turistlar sonining yanada oshishiga turtki bo'ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Chexiyada o‘zbek madaniyati va turizm imkoniyatlari namoyish qilindi
Londonda britaniyalik ekspertlar bilan tibbiy turizm istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston norvegiyaliklar uchun mashhur sayyohlik yo‘nalishiga aylanmoqda
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi