Logo

"Xitoyda O'zbekiston turizm yili" dasturi doirasida Fuchjou shahrida yurtimiz turizm salohiyatiga bag'ishlangan "Road-show" tadbiri o'tkazildi

Iyun 20, 2025. 17:02 • 57 soniya

61
"Xitoyda O'zbekiston turizm yili" dasturi doirasida Fuchjou shahrida yurtimiz turizm salohiyatiga bag'ishlangan "Road-show" tadbiri o'tkazildi

FUCHJOU, 20-iyun. /"Dunyo" AA/. "Xitoyda O'zbekiston turizm yili" dasturi doirasida Fuchjou shahrida mamlakatimizning turizm salohiyatiga bag'ishlangan "Road-show" tadbiri o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Road-show" tadbiri O'zbekiston Turizm qo'mitasi tomonidan Fuszyan provinsiyasi hukumati va yurtimiz Bosh konsulxona bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda provinsiya madaniyat va turizm departamenti rahbariyati, mahalliy sayyohlik kompaniyalar va agentliklar, mehmondo'stlik sanoati korxonalari, mahalliy OAV vakillari hamda O'zbekistondan kelgan delegatsiya a'zolari ishtirok etdi.

O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari va Fuszyan provinsiyasining vitse-gubernatori Szyan Ersyun o'rtasida bo'lib o'tgan uchrashuvda turizm sohasida hamkorlikni yana-da faollashtirish va ikki davlatni jozibali turizm yo'nalishi sifatida izchil targ'ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.

Yurtimiz sayyohlik imkoniyatlariga oid taqdimotda O'zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi, dunyoga mashhur qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlarimizda joylashgan tarixiy obidalar, joriy etilgan vizasiz rejim, mamlakatimizning madaniy, ekologik, gastronomik va boshqa turizm yo'nalishlarining afzallik to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.

B2B formatida o'tkazilgan muzokaralar davomida biznes doiralari o'rtasida hamkorlik aloqalarini o'rnatish, yangi istiqbolli turistik dasturlarni ishlab chiqish, sayyohlar oqimini kengaytirishga qaratilgan qo'shma tadbir va marketing kampaniyalarini o'tkazish yuzasidan kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish