Londonda O'zbekistonning ziyorat turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri o'tkazildi
Iyul 17, 2025. 12:48 • 2 daq
• 86
LONDON, 17-iyul. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniya poytaxtida O'zbekiston ziyorat turizmi salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Taqdimot O'zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi Sofi Ibbotson va "Halal Travel" kompaniyasi asoschisi Hafsa Gaxer bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda britaniyalik sayohat sohasi mutaxassislari, turistik kompaniyalar, OAV vakillari va O'zbekistonga qiziqish bildirgan sayyohlar ishtirok etdi.
Tadbir doirasida o'tkazilgan taqdimotda O'zbekistonning Buxoro, Samarqand, Toshkent va Xiva kabi shaharlaridagi qadimiy masjidlar, madrasalar, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar va tarixiy ahamiyatga ega maskanlar haqida batafsil so'zlab berildi. Shuningdek, mazkur shaharlardagi sayyohlik infratuzilmasi, mehmonxonalar, "halol" oziq-ovqat xizmatlari va transport imkoniyatlari alohida ta'kidlandi.
Shuningdek, Xorazm viloyatida 25 gektar maydonda tashkil etilgan va o'z ichida sharqona bozor, xalq hunarmandchiligi va dekorativ-amaliy san'at ko'rgazmalarini birlashtirgan "Arda Xiva" turistik majmuasi haqida batafsil ma'lumot berildi.
"Halal Travel" kompaniyasi asoschisi Hafsa Gaxer O'zbekistonda mavjud halol mehmonxonalar, halol ovqatlanish joylari va ibodat uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma'lumot berdi. O'zbekiston musulmon sayyohlar uchun xavfsiz, qulay va madaniy jihatdan boy yo'nalish ekani ta'kidlandi.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida Buyuk Britaniyadan O'zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni, o'tgan yilning mos davrga nisbatan 25 foizga oshgani ma'lum qilindi.
Tijani Gallet, Niderlandiyalik turoperator;
– "Halal Travel Network" va O'zbekiston elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda qatnashganimdan xursandman.
Biz islomiy mamlakatlarga turlar taklif qilamiz va ayni paytda O'zbekistonga ham sayohatlar tashkil qilishni rejalashtiryapmiz. Bugungi tadbir biz uchun juda foydali bo'ldi.
Imom Buxoriy va Abu Iso Termiziy kabi buyuk ulamolar aynan O'zbekiston zaminidan yetishib chiqqani haqidagi ma'lumotlarni bilib olidk. Bu men uchun yangi va juda muhim ma'lumotlar bo'ldi.
Biz o'z mijozlarimizga nafaqat tarixiy va madaniy boylikka ega mamlakat sifatida, balki ziyorat turizmi uchun ham juda muhim yo'nalish sifatida O'zbekistonni tavsiya etamiz.
Bu kabi tadbirlar biz, xalqaro turoperatorlar uchun juda muhim.
Abdul Malik Teylor, "Palau Tourism" kompaniyasi vakili;
– Kompaniyamiz dastlab Londonda faoliyat boshlagan bo'lib, bugungi kunda xalqaro sayohat yo'nalishlarini ham taklif qilmoqda.
O'zbekiston elchixonasida tashkil etilgan tadbirda ishtirok etib ko'plab ma'lumotlarni bilib oldim. Tadbir men uchun nafaqat malaka oshirish imkoniyati, balki O'zbekiston haqida yangicha, yanada chuqurroq tasavvur hosil qilish imkoniyati ham bo'ldi. O'zbekistonning turizm salohiyati menda katta taassurot qoldirdi uyg'otdi.
Biz kelgusida "Palau Tourism" orqali O'zbekiston yo'nalishini ham turistlar uchun taklif etishni rejalashtiryapmiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Londonda britaniyalik ekspertlar bilan tibbiy turizm istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston norvegiyaliklar uchun mashhur sayyohlik yo‘nalishiga aylanmoqda
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Budapeshtda O‘zbekiston turizm imkoniyatlari bo‘yicha aksiya o‘tkazildi