Logo

O'zbek milliy taomlari Ashxabodda o'tkazilgan "Dunyo mamlakatlari oshxonalari" tanlovida e'tirof etildi

Mart 24, 2025. 11:24 • 2 daq

883
O'zbek milliy taomlari Ashxabodda o'tkazilgan "Dunyo mamlakatlari oshxonalari" tanlovida e'tirof etildi

ASHXABOD, 24-mart. /"Dunyo" AA/. Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov tashabbusi bilan tashkil etilgan Ashxabod shahri atrofida daraxt ekish bo'yicha umumxalq ekologik aksiyasi doirasida "Dunyo mamlakatlari oshxonalari" tanlovi o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu tadbir Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tashkil etildi. Unda O'zbekiston elchixonasi diplomatlari va Turkmanistonda akkreditatsiyadan o'tgan xorijiy davlatlarning diplomatik missiyalari ishtirok etdi.

Tanlov qatnashchilari o'z mamlakatlarining an'anaviy taomlari va oshpazlik san'atini namoyish etdilar. Ishtirokchilar va mehmonlar turli xalqlarning gastronomik merosi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo'ldilar.

O'zbekiston ekspozitsiyasi tadbir ishtirokchilari va mehmonlarida alohida qiziqish uyg'otdi. Mamlakatimiz elchixonasi xodimlarining oila a'zolari tomonidan tayyorlangan milliy taomlar o'zining xilma-xilligi va rang-barangligi bilan mehmonlarni jalb qildi.

Tadbir davomida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov turli mamlakatlarning oshxona an'analari va madaniyati bilan shaxsan tanishdi. Turkmaniston yetakchisi O'zbekiston diplomatik missiyasining tanlovdagi faol ishtirokini va o'zbek oshxonasining boyligi hamda xilma-xilligini e'tirof etdi.

Tanlov yakunida barcha qatnashchilarga Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan diplomlar topshirildi.

O'tkazilgan tadbir mamlakatlar o'rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, diplomatik muloqotni norasmiy darajada rivojlantirishga hamda ishonch va o'zaro hurmat muhitini yaratishga xizmat qildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish