O'zbekiston elchisi Mo'g'ulistonning Janubiy Koreyadagi sobiq elchisi bilan samimiy muloqot qildi
Dekabr 21, 2023. 10:44 • 2 daq
• 158
SEUL, 21-dekabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi Vitaliy Fen Mo'g'ulistonning ushbu davlatdagi sobiq elchisi, Mo'g'uliston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Elchilar klubi prezidenti Gerel Dorjpalam bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ochiq va do'stona ruhda o'tgan uchrashuvda O'zbekiston bilan Mo'g'uliston o'rtasidagi do'stona aloqalar kun sayin faollashib, hamkorlikning yangi yo'nalishlari ochilayotgani, so'nggi yillarda oliy darajadagi uchrashuvlar muntazamlik kasb etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Xususan, o'tgan yili Samarqand shahrida bo'lib o'tgan Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti doirasida O'zbekiston va Mo'g'uliston Prezidentlarining uchrashuvi bo'lib o'tgan edi. Joriy yil dekabr oyida ikki mamlakat rahbarlari Dubay shahrida o'tkazilgan BMT Iqlim o'zgarishi bo'yicha konferensiyasi (COP28) doirasida ham samimiy muloqot o'tkazdilar va O'zbekiston–Mo'g'uliston munosabatlarini yanada faollashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Gerel Dorjpalam O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Ayniqsa xorijiy investorlar uchun imtiyoz va preferensiyalarning berilishi, investorlar huquqlarini ishonchli himoya qilinishi, gender tenglikni ta'minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, turizmni rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish kabi sohalarda O'zbekiston tajribasini yaqindan o'rganish zarurligini bildirdi.
- Mamlakatingizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati natijasida yurtingizda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik ta'minlanmoqda, - dedi u. – Ayniqsa korrupsiyaga qarshi kurashish borasida O'zbekiston erishayotgan yutuqlar bugun xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e'tirof etilmoqda. Yaqinda Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofotni topshirish marosimining aynan O'zbekistonda o'tkazilganligi bundan dalolat berib turibdi.
2008-2012-yillarda Mo'g'ulistonning Janubiy Koreyadagi elchisi bo'lgan Gerel Dorjpalam o'z faoliyati davomida o'sha vaqtda Koreya Respublikasidagi diplomatik korpus duayeni bo'lgan O'zbekiston elchisi Vitaliy Fendan juda ko'p foydali maslahatlar, ayniqsa mamlakatlar o'rtasida barcha sohalarda aloqalarni rivojlantirish borasida yo'l-yo'riqlar olganini esladi.
Muloqot davomida mamlakatlarimiz o'rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Pokistonning markaziy telekanallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonning yangi elchisi Rim Papasiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Britaniyaning nufuzli nashriyot uyi bilan hamkorlik o‘rnatiladi
Ekspertlar o‘zbek–xitoy munosabatlari istiqboli xususida fikr almashdi