Logo

Iroq ilmiy muassasalarida saqlanayotgan O'zbekiston tarixiga oid asarlar Toshkentda namoyish etilishi mumkin

Iyun 30, 2025. 15:02 • 52 soniya

84
Iroq ilmiy muassasalarida saqlanayotgan O'zbekiston tarixiga oid  asarlar Toshkentda namoyish etilishi mumkin

AL-KUVAYT, 30-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ayubxon Yunusov Iroqning Kuvaytdagi elchisi Al-Manhal as-Sofi bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Suhbat davomida O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi arafasida poytaxtimizda o'tkaziladigan "O'zbekiston madaniy merosi - butun insoniyat merosi" mavzusidagi xalqaro ko'rgazmada Iroq vakillarining ishtiroki masalasi muhokama qilindi.

Shuningdek, tomonlar Bag'dod shahridagi "Avqoful omma" kutubxonasida saqlanayotgan Faxrul-islom Bazdaviyning "Usul al-Bazdaviy" asarining qo'lyozmasi nusxasini mazkur ko'rgazmada namoyish etish imkoniyatlari xususida fikr almashdilar.

Elchi Al-Manhal as-Sofi O'zbekiston tomonining ushbu taklifini Iroqning mutasaddi vazirlik va idoralari vakillari bilan muhokama qilishini bildirdi.

Shuningdek, uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish maqsadida O'zbekiston-Iroq investitsiya forumi, O'zbekiston mahsulotlari ko'rgazmasi, ikki davlat Savdo-sanoat palatalari o'rtasida anglashuv memorandumini imzolash, ishbilarmonlar kengashini tashkil etish, O'zbekiston Turizm qo'mitasi va Iroq Madaniyat, turizm va qadimiy meros vazirligi o'rtasida turizm sohasida hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha o'zaro anglashuv memorandumini imzolash va boshqa takliflar ko'rib chiqildi.

Shuningdek, Iroq tomoniga shu yil 8-iyul kuni Kuvaytda "O'zbekiston – Ipak yo'li durdonasi" mavzusida o'tkazilishi rejalashtirilgan turizm forumi haqida ham ma'lumot berildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish